Termiz shahrida aholi ishtirokida ertalabki sayr va ommaviy badantarbiya tashkil etildi

“Har kuni besh ming qadam yuramiz” shiori ostida Termiz shahridagi Sanʼat saroyi bogʻida omma ishtirokida ertalabki sayr va ommaviy badantarbiya tashkil etildi.

Shahar jismoniy tarbiya va sport, mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimlari tashabbusida oʻtkazilgan tadbirda nuroniy otaxon va onajonlar, oʻrta avlod vakillari, sportchilar va oʻquvchi yoshlar ishtirok etdi. Unda sogʻlom turmush tarzi, zararli odatlarning inson salomatligiga salbiy taʼsiri targʻib qilinib, jismoniy faolligi qoʻllab-quvvatlandi.

“Kuz faslida turli kasalliklar qoʻzgʻalishini koʻpchiligimiz yaxshi bilamiz. Bu mavsumda jismoniy faollik, toʻgʻri ovqatlanish va sogʻlom turmush tarziga qatʼiy amal qilish inson salomatligini mustahkamlab, kasalliklarni chetlab oʻtishga koʻmaklashadi. Mazkur tadbir doirasida hamkorlarimiz bilan toza havoda ertalabki sayr qilishga aholi keng qatlamlarini jalb etishni maqsad qilib olganmiz. Shu bois har kuni erta tongda yumshatilgan karantin talablariga qatʼiy rioya etgan holda yengil jismoniy tarbiya mashqlarini bajarib, soʻlim bogʻda erkin sayr qilishni yoʻlga qoʻydik. Bu jarayonda saflarimiz kun sayin kengayib borishiga ishonchimiz komil”, deydi Termiz shahar jismoniy tarbiya va sport boʻlimi boshligʻi Ilhom Absattarov.

Prezidentimizning 2018-yil 18-dekabrdagi “Yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasi, sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va aholining jismoniy faolligi darajasini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini yana-da kengaytirishda muhim omil boʻlmoqda. Aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzi tamoyillari kuchaytirilib, oʻsib kelayotgan yosh avlod zararli odatlardan asrab qolinmoqda. Mahallalar, taʼlim muassasalari, mehnat jamoalarida jismoniy tarbiya va sport faoliyati tizimli tashkil etilib, sogʻlom turmush tarzi qoʻllab-quvvatlanayotir.

Mutaxassislarning aytishicha, har kun tongda toza havoda sayr qilib, yengil jismoniy mashqlarni bajarish ham ortiqcha vazndan qutilish, yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish, qondagi xolesterin darajasini meʼyorida saqlash va boshqa yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasida oʻziga xos oʻrin tutadi. Tongda piyoda yurishning ana shunday hadisini olgan keksa avlod vakillari ertalabki sayrni kunlik odatga aylantirgan.

“Aslida inson uchun tonggi sayr va yengil badantarbiya mashqlari fasl tanlamaydi. Mana, yoshim saksonda boʻldi. Koʻp yillardan buyon ertalabki toza havoda yurishni odat qilib olganman. Bunga tengqurlarimni ham jalb etganman. Tongda sayr qilib, toza havoda bir pas gurung qilamiz. Yoshlik davrlarimizni eslab, kayfiyatimizni koʻtaramiz. Ruhan tetiklashamiz. Shu bois hamisha tetik boʻlib yuraman. Uzoq umr koʻrish sirini soʻragan yoshlarga jismoniy faollik, toʻgʻri ovqatlanish va alkogol ichimlik, tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilish kabi zararli odatlardan tiyilishda, deya baralla aytaman”, deydi viloyat mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari, senator Orziqul Soatov.

Tadbir ishtirokchilari mahalla yoshlari oʻrtasida ertalabki yurishning sogʻlom turmush tarziga ahamiyatini keng targʻib qilishga, har kun tongda soʻlim bogʻda uchrashib, birgalikda sayr etishga kelishib oldi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

Saytning oxirgi yangilanishi:
23.09.2020 | 12:26
Onlayn maslahatchi
Mening fikrim

Biz bilan bog'lanish

  • "Ishonch telefoni" raqami:
  • "Yagona telefon" raqami:
  • Ish kunlari (shanba va yakshanbadan tashqari) 9:00 dan 18:00 gacha (tushlik 13:00 dan 14:00 gacha)
  • "Ishonch telefoni" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • "Yagona telefon" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • Yuridik manzil: O‘zbekiston, Toshkent shahar, Abdulla Qodiriy 2-uy
  • E-mail: info@goskomsport.uz
  • Telefon:
  • Faks:
  • Mo'ljal: Oloy bozori
  • Transportlar:
    • Avtobuslar: 85,51
    • Marshrut taksilar: 17, 62, 95, 152, 153, 169