Avgust oyi yakunida “Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligi kubogi” onlayn xalqaro turniri boʻlib oʻtadi

Oʻtgan oy davomida ogʻir atletika boʻyicha ilk bor xalqaro onlayn musobaqa tashkil qilinib, mazkur turnir koʻplab mutaxassislar, keng sport jamoatchiligida katta qiziqish uygʻotgan edi. Vakillarimizning muvaffaqiyatli ishtirokidan ruhlangan Oʻzbekiston ogʻir atletika federatsiya ham jonbozlik koʻrsatib, ana shunday yirik turnir oʻtkazish tashabbusini ilgari surdi va ushbu sport turi boʻyicha “Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligi kubogi” onlayn xalqaro turnirini tashkil qilmoqda.

Kuni kecha Xalqaro ogʻir atletika federatsiyasi (IWF) hamda Oʻzbekiston ogʻir atletika federatsiyasining rasmiy vakillari mana shu masalaga bagʻishlangan videokonferensiya tashkil qilishdi. Unda IWF nomidan tashkilot vitse-prezidenti, texnik qoʻmita raisi Niko Vlad, IWF vitse-prezidenti, rivojlanish va taʼlim komissiyasi boshligʻi Xose Karlos Kuenyos va boshqa bir qator martabali vakillar, mamlakatimiz tomonidan Oʻzbekiston ogʻir atletika federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari, IWF Ijroiya qoʻmitasi aʼzosi Shahrullo Mahmudov boshchiligidagi federatsiyasi vakillari qatnashdi. Kun tartibidan 28-30-avgust kunlari “Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligi kubogi” onlayn xalqaro turnirini tashkil qilish masalasi oʻrin oldi. Taʼkidlash joiz, xalqaro mutasaddilar mazkur tashabbusni katta qiziqish bilan qoʻllab-quvvatlashdi. Suhbat yakunida tomonlar ushbu bahslarni katta masshtabda yoritib borish borasida kelishib olishdi.

Yurtimizning bunday tashabbus koʻrsatayotganini eshitgan hamono bir qator mamlakatlar, jumladan, Saudiya Arabistoni, Xitoy, Qozogʻiston, Latviya, AQSH kabi terma jamoalar ushbu turnirda ishtirok etish istagini bildirishgan. Umuman olganda, boʻlajak musobaqada 40 ga yaqin mamlakat vakillari ishtiroki kutilmoqda. Oʻz navbatida, karantin davrida boʻlishimizga qaramasdan, mamlakatimiz sporti rivoji yoʻlida tashkil qilinayotgan mazkur musobaqaning oʻtkazilishiga hukumatimiz ham xayrixohlik bildirayotganini taʼkidlash joiz. Bu borada musobaqa gʻolib va sovrindorlari uchun pul mukofotlari ajratilishi maʼlum qilindi. Bu esa musobaqaga boʻlgan qiziqishning yana-da ortishiga sabab boʻladi.

Oʻtgan oy oʻtkazilgan ilk xalqaro onlayn turnir tashabbuskori Lotin Amerika davlatlari boʻlib, bellashuvlar ham ushbu mintaqa vaqtiga qarab belgilangani bois, vakillarimiz bizning vaqt bilan yarim tunda chiqish qilishgan edi. Oʻzbekiston Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qoʻmitasi va Oʻzbekiston ogʻir atletika federatsiyasi hamkorligida tashkil qilinadigan boʻlajak musobaqa esa Toshkent vaqti bilan oʻtkaziladi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Matbuot xizmati

Saytning oxirgi yangilanishi:
23.09.2020 | 12:26
Onlayn maslahatchi
Mening fikrim

Biz bilan bog'lanish

  • "Ishonch telefoni" raqami:
  • "Yagona telefon" raqami:
  • Ish kunlari (shanba va yakshanbadan tashqari) 9:00 dan 18:00 gacha (tushlik 13:00 dan 14:00 gacha)
  • "Ishonch telefoni" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • "Yagona telefon" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • Yuridik manzil: O‘zbekiston, Toshkent shahar, Abdulla Qodiriy 2-uy
  • E-mail: info@goskomsport.uz
  • Telefon:
  • Faks:
  • Mo'ljal: Oloy bozori
  • Transportlar:
    • Avtobuslar: 85,51
    • Marshrut taksilar: 17, 62, 95, 152, 153, 169