Toshkent shahar jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi eng yaxshi hudud, deb topildi. Eng yaxshi tashkilotchi?!

Maʼlumki, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-yanvardagi “Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlarining jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shugʻullanishini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 6-sonli qaroriga muvofiq Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan tanlov oʻtkazish belgilangan edi.

Unga koʻra, tashkilotlarning barcha boʻlinmalarida tashkil etilgan sogʻlomlashtirish, jismoniy tarbiya va sport mashgʻulotlarini muntazam ravishda oʻtkazganligi hamda aholining keng qatlamlari oʻrtasida ommaviy sportni rivojlantirish, ommaviy sport tadbirlarini tashkil etganligi uchun nominatsiyalari boʻyicha gʻoliblar aniqlandi.

Tanlov ikkita yoʻnalish boʻyicha oʻtkazildi. “Tashkilotlarning barcha boʻlinmalari miqyosida tashkil etilgan sogʻlomlashtirish, jismoniy tarbiya va sport mashgʻulotlarini muntazam ravishda oʻtkazganligi” nominatsiyasida gʻolibni aniqlashda quyidagi mezonlarga jiddiy eʼtibor qaratildi:

  • xodimlarning ish vaqti davomida 3 mahal ishlab chiqarish gimnastikasi bilan shugʻullanishi;
  • tashkilotlar tizimidagi muassasalar oʻrtasida ommaviy sport musobaqalari tashkil etilganligi;
  • aholining keng qatlamlari oʻrtasida sogʻlomlashtirish, jismoniy tarbiya, ommaviy sport ishlarini tashkil etganligi;
  • tashkilotlarda ommaviy sportni targʻib qilish va xodimlarning jismoniy tarbiya bilan shugʻullanishlariga shart-sharoitlar yaratish maqsadida tegishli hujjatlar ishlab chiqilganligi;
  • tashkilotlarning Internet jahon axborot tarmogʻidagi veb-saytlarida sogʻlom turmush tarzini targʻib qiluvchi roliklar joylashtirilganligi;
  • tashkilotlarda xodimlarning jismoniy tarbiya bilan shugʻullanishlari uchun maxsus sport komplekslarini (trenajyor, fitnes zallar va boshqalar) tashkil etilganligi.

Kezi kelganda taʼkidlash kerak, negadir korxona-tashkilotlar, qolaversa davlat va xoʻjalik boshqaruvi hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari tanlovga u qadar jiddiy yondashmadi. Tanlov gʻoliblarini aniqlashda Hakamlar hayʼati baʼzi kamchiliklarga koʻz yumishdi ham. Natijada mamlakatimizdagi korxona va tashkilotlar oʻrtasida oʻtkazilgan “Tashkilotlarning barcha boʻlinmalari miqyosida tashkil etilgan sogʻlomlashtirish, jismoniy tarbiya va sport mashgʻulotlarini muntazam ravishda oʻtkazganligi uchun” nominatsiyasida Toshkent viloyati tomonidan tavsiya etilgan “Maxam-Chirchiq” aksionerlik jamiyati gʻolib, deb topildi. Ular 100 ballik tizimda 85 ball jamgʻarishdi. Navoiy viloyatidan tavsiya etilgan Navoiy kon-metallurgiya kombinati jamoasi esa 65 ball bilan ikkinchi boʻldi. Kuchli uchlikni Qashqadaryo viloyati nomzodi yakunlab berdi.

“Aholining keng qatlamlari oʻrtasida ommaviy sportni rivojlantirish, ommaviy sport tadbirlarini tashkil etganligi uchun” nominatsiyasida gʻoliblik uchun vazirlikning hududiy boshqarmalari kurash olib borishdi. Ushbu nominatsiyada ham gʻolib 100 ballik tizimda aniqlandi. Bunda 1-oʻrinni 65 ball bilan Toshkent shahar jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi egallagan boʻlsa, kuchli uchlikdan Qashqadaryo va Xorazm viloyatlari joy olishdi.

Shuningdek, tanlov gʻoliblarini aniqlashda tashkilot rahbarlarining jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirish yoʻlida amalga oshirgan ishlari ham inobatga olindi.

2019-yil yakunlari boʻyicha tanlov gʻoliblari “Jismoniy tarbiya va sport aʼlochisi” koʻkrak nishoni hamda Oʻzbekiston Respublikasida oʻrnatilgan eng kam ish haqining 50 baravari miqdorida pul mukofotlari bilan taqdirlanadi. Gʻoliblarni tantanali taqdirlash marosimi esa yaqin kunlarda vazirlik binosida oʻtkaziladi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot kotibi

Saytning oxirgi yangilanishi:
25.05.2020 | 18:57
Onlayn maslahatchi
Mening fikrim

Biz bilan bog'lanish

  • "Ishonch telefoni" raqami:
  • "Yagona telefon" raqami:
  • Ish kunlari (shanba va yakshanbadan tashqari) 9:00 dan 18:00 gacha (tushlik 13:00 dan 14:00 gacha)
  • "Ishonch telefoni" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • "Yagona telefon" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • Yuridik manzil: O‘zbekiston, Toshkent shahar, Abdulla Qodiriy 2-uy
  • E-mail: info@goskomsport.uz
  • Telefon:
  • Faks:
  • Mo'ljal: Oloy bozori
  • Transportlar:
    • Avtobuslar: 85,51
    • Marshrut taksilar: 17, 62, 95, 152, 153, 169