Ogʻir atletika boʻyicha Osiyo chempionati oldidan matbuot anjumani oʻtkazildi

Xabaringiz bor, shu kunlarda ogʻir atletika ishqibozlari nigohi “Oʻzbekiston” sport majmuasiga qaratilgan. Bu yerda ushbu sport turi boʻyicha kattalar oʻrtasida oltinchi Xalqaro birdamlik musobaqasi zoʻr muvaffaqiyat bilan oʻtkazilgan boʻlsa, bugundan oʻsmirlar va yoshlar oʻrtasida Osiyo chempionatiga start beriladi. Eʼtiborlisi, har ikki musobaqa ham Tokio-2020 olimpiadasiga qimmatli reyting ochkolarini taqdim etadi.

Taʼkidlash kerak, mazkur musobaqalarni bevosita kuzatib borish hamda ishtirok etish uchun dunyo ogʻir atletikasining yuqori martabali vakillari ayni kunlarda poytaxtimizda boʻlib turishibdi. Shu munosabat bilan kuni kecha “Oʻzbekiston” sport majmuasida mazkur musobaqalarga bagʻishlangan matbuot-anjumani tashkil etildi. Unda Xalqaro ogʻir atletika federatsiyasi (XOAF) Bosh kotibi Muhammad Jalud, Xalqaro ogʻir atletika federatsiyasi vitse-prezidenti Xose Gonsales Kuininos, Oʻzbekiston ogʻir atletika federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov, terma jamoamiz bosh murabbiyi Bahrom Mendiboyev hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. Dastlab xalqaro tashkilot vakillari musobaqa haqidagi oʻz fikrlarini bildirishdi.

  • Oʻzbekiston hamisha xalqaro musobaqalarni yuqori saviyada tashkil etib kelgan. Baʼzi davlatlar uchun bu kabi musobaqalarni qabul qilishga 6 oy, hatto bir yil ham kamlik qiladi. Oʻzbekiston esa atigi uch oy ichida bir emas, balki ikkita musobaqani yuqori saviyada tashkil eta olishini isbotladi. Bunga oʻzimiz guvoh boʻlmoqdamiz. Oʻsmirlar va yoshlar oʻrtasidagi jahon chempionatidan keyin endi kattalar oʻrtasidagi dunyo birinchiligini ham Oʻzbekistonga berish masalasini oʻylab qoldik. Transport tizimi, sportchilarga yaratilgan sharoitlar, xullas barcha-barchasi aʼlo darajada. Butun dunyoga koronavirus xavf solib turgan ayni paytda Xalqaro birdamlik musobaqasida 48ta mamlakat vakillari ishtirok etishdi. Bu ham dunyo sportchilari Oʻzbekistonni xavfsiz mamlakat sifatida bilishidan nishona va bu ham yurtingizning yana bir yutugʻi, – dedi Muhammad Jalud.
  • Shuni mamnuniyat bilan taʼkidlashni istardim, Oʻzbekiston Tokio olimpiadasiga reyting ochkolarini taqdim etadigan har ikki musobaqani ham saqlab qoldi. Aslida Xalqaro birdamlik musobaqasi Tunis, oʻsmirlar va yoshlar oʻrtasidagi Osiyo chempionati esa Xitoy Taypeyida oʻtishi kerak edi. Mamlakatingiz qisqa fursat ichida tashabbus koʻrsatib, musobaqalarni mana shunday yuqori saviyada tashkillashtira oldi. Xalqaro ogʻir atletika federatsiyasi yigʻilishlarida biz doimo Oʻzbekistonni yuksak namuna sifatida koʻrsatamiz, – deya qoʻshimcha qildi Xose Gonsales Kuininos.

  • Avvalo, bizning tashabbusimizni qoʻllab-quvvatlaganlari uchun hukumatimizga rahmat aytmoqchiman. Qolaversa, bu borada Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Milliy olimpiya qoʻmitasining ham katta yordamini aytib oʻtishim kerak. Ular bizni qoʻllab-quvvatlamaganida musobaqamiz bunday saviyada oʻtmasdi. Bunday nufuzli sport musobaqalari marketing sohasida ayni muddao. Shuning uchun biz ham marketing yoʻnalishida samarali faoliyat olib bordik va bir qator tashkilot va kompaniyalar musobaqaga homiylik yordamlari koʻrsatish istagini bildirdi. Fursatdan foydalanib ularga ham minnatdorlik bildiramiz, — dedi anjumanda Oʻzbekiston ogʻir atletika federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari, musobaqa tashkiliy qoʻmitasi raisining oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov.

    Shuningdek, matbuot anjumanida terma jamoamiz bosh murabbiyi Bahrom Mendiboyev musobaqada shogirdlarining ishtiroki hamda kelgusi rejalar borasida toʻxtalib oʻtdi.
    Umuman olganda, shogirdlarimning musobaqadagi ishtiroklaridan koʻnglim toʻldi. Shu bilan birga ishlashimiz kerak boʻlgan baʼzi jihatlar ham koʻrinib qoldi. Hali oldinda vaqt bor va kichik kamchiliklarni bartaraf etishga ulguramiz. Xalqaro birdamlik musobaqasiga kelsak, yigitlarimiz 9ta oltin, 2ta kumush va 3ta bronza, jami 14ta medal bilan umumjamoa hisobida 1-oʻrinni qoʻlga kiritishdi. Qizlarimiz esa 7ta oltin, 11ta kumush va 3ta bronza, jami 21ta medalga sazovor boʻlishdi hamda ular ham umumjamoa hisobida 1-oʻrinni egalladi. Oʻylaymanki, atletlarimiz Tokio olimpiadasiga oʻzlarining eng yuqori formasida yetib borishadi va mamlakatimizga medallar taqdim etish uchun barcha choralarni ishga soladi. Akbar Joʻrayevning nega siltab koʻtarish mashqida uchinchi urinishga chiqmaganiga kelsak, u ilk urinishidayoq oltin medallarni naqd qilib qoʻydi. Qolaversa, undagi kichik jarohatni ham inobatga olgan holda uchinchi urinishdan voz kechdik. Negaki bu holatda uning jarohati yana-da zoʻrayishi va u oldimizda turgan toʻrt yillikning eng nufuzli musobaqasi oldidan umidli sportchimizning salomatligini xavf ostida qoldirishi mumkin edi, — dedi Bahrom Mendiboyev.

Bugun oʻsmirlar va yoshlar oʻrtasida Osiyo chempionati ham boshlandi. Umid qilamizki, yosh atletlarimiz aka va opalariga har jihatdan munosib ekanliklarini isbotlaydi. Bu yoʻlda ularga omad tilaymiz.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

Saytning oxirgi yangilanishi:
31.03.2020 | 14:47
Onlayn maslahatchi
Mening fikrim

Biz bilan bog'lanish

  • "Ishonch telefoni" raqami:
  • "Yagona telefon" raqami:
  • Ish kunlari (shanba va yakshanbadan tashqari) 9:00 dan 18:00 gacha (tushlik 13:00 dan 14:00 gacha)
  • "Ishonch telefoni" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • "Yagona telefon" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • Yuridik manzil: O‘zbekiston, Toshkent shahar, Abdulla Qodiriy 2-uy
  • E-mail: info@goskomsport.uz
  • Telefon:
  • Faks:
  • Mo'ljal: Oloy bozori
  • Transportlar:
    • Avtobuslar: 85,51
    • Marshrut taksilar: 17, 62, 95, 152, 153, 169