АOKАda mamlakatda sportni yanada ommalashtirish boʼyicha Prezident farmoni ijrosi yuzasidan matbuot anjumani oʼtkazildi

Bugun, 13 fevral kuni Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 yanvardagi PF-5924-sonli “Oʼzbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yanada takomillashtirish va ommalashtirish chora tadbirlari toʼgʼrisida”gi farmoni ijrosi yuzasidan Аxborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi binosida matbuot anjumani oʼtkazildi.

Matbuot anjumanida Jismoniy tarbiya va sport hamda Qurilish vazirligi mutasaddilari ishtirok etib, Respublikada oxirgi yillarda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, aholi oʼrtasida sogʼlom turmush tarzini targʼib qilish, imkoniyatlari cheklangan shaxslarning jismoniy reabilitatsiyasi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish hamda mamlakat sportchilarining xalqaro maydonlarda munosib ishtirok etishini taʼminlash borasida ishlab chiqilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan maʼlumot berib oʼtdi.

“Аholining keng qatlamlari, jumladan, umumtaʼlim maktabi oʼquvchilari, professional va oliy taʼlim muassasalari oʼquvchi va talabalari oʼrtasida jismoniy tarbiyani ommalashtirish, ular orasida iqtidorlilarini aniqlash maqsadida “Umumtaʼlim maktab sporti” festivali, “Jismoniy tayyorgarligi rivojlangan muassasa” koʼrik-tanlovini bosqichma-bosqich oʼtkazish tizimini ishlab chiqish va jismoniy tayyorgarlik darajasi rivojlangan eng yaxshi umumtaʼlim maktabi, professional va oliy taʼlim muassasasi nominatsiyasi joriy etilmoqda.

2020 yildan boshlab sport sohasida “Tashkent Marathon” xalqaro marafoni, “Save Aral” xalqaro ekomarafoni, avtoralli va motokross sport musobaqalarini tizimli oʼtkazish orqali sport turizmini rivojlantirish kontseptsiyasi ishlab chiqilyapti. Shuningdek, aholining barcha qatlamlari oʼrtasida “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sinovlarini oʼtkazish joriy etilmoqda.

Iqtidorli sportchi-yoshlarni saralash va ularni milliy terma jamoalarga jalb etishgacha boʼlgan jarayon bosqichma-bosqich, tizimli amalga oshirilishi natijasida 2020 yilda xalqaro sport musobaqalarida milliy terma jamoalar ishtiroki soni 230 ta oshishi kutilmoqda.

Joriy yilda aholi oʼrtasida “Yoshlar haftaligi”, “Xotin qizlar haftaligi”, “Mahalla va Nuroniylar haftaligi”, “Taʼlim muassasalari haftaligi” tadbirlarining soni 36 mingtaga oshirilib, 67 702 taga yetkaziladi”, deb maʼlumot berdi Jismoniy tarbiya va sport vazirining oʼrinbosari Nodir Murotov.

Shuningdek, katta yoshdagi aholi qatlamini ham jismoniy tarbiya va ommaviy sportga keng jalb etish borasida asosan umumtaʼlim maktablarining sport inshootlari bazasidan foydalangan holda yoʼlga qoʼyish choralari koʼrilmoqda. Bunda, maktablarning sport inshootlaridan soat 16:00 dan 21:00 gacha, dam olish kunlari esa ertalabdan kechgacha 352 ming nafardan ortiq aholi, shu jumladan band boʼlmagan yoshlarni sport bilan shugʼullanishlari uchun imkoniyat yaratiladi.

Аniq hisob-kitoblarga koʼra, 2020 yilda jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shugʼullanadigan aholining umumiy soni 16 foizni, shu jumladan 1-chorakda 9,6 foizni tashkil etishiga erishiladi. Oʼquvchi-yoshlarni sport bilan muntazam shugʼullanishlari uchun zarur sharoitlar yaratish maqsadida 9 ta shahar, 26 ta chekka tuman, qishloqlarda yangidan 36 ta bolalar-oʼsmirlar sport maktablarini tashkil etilib, 540 nafar trenerlar ish bilan taʼminlanadi, buning natijasida bir kunda 30 384 nafar oʼquvchi-yoshlar sport bilan muntazam ravishda shugʼullanishga jalb qilinadi.

“Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 15 maydagi 370-sonli farmoyishi bilan tasdiqlangan Sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining 2019 yil uchun respublika kalendar rejasiga muvofiq:

1) Oʼzbekiston Respublikasi miqyosida sportning 82 ta turi boʼyicha jami 501 sport musobaqalari tashkil etilib, shundan 226 ta Oʼzbekiston chempionati (35 641 ta ishtirokchi), 206 ta Oʼzbekiston kubogi (28 900 ta ishtirokchi), 69 ta Respublika turnirlari (13 290 ta ishtirokchi) tashkil etilib, ularda jami 77 831 nafar (shundan 27 853 nafari ayollar) sportchilar qatnashdi.

Jumladan, Oʼzbekiston chempionatida jami 16 353 ta medallar (4806 ta oltin, 4674 ta kumush, 6873 ta bronza), Oʼzbekiston kubogida jami 6 792 medallar (1822 ta oltin, 2064 ta kumush, 2906 ta bronza), Respublika turnirlarida jami 5 576 medallar (1610 ta oltin, 1670 ta kumush, 2296 ta bronza) sportchilar tomonidan qoʼlga kiritilgan.

Xalqaro miqyosda sportning 51 ta turi boʼyicha jami 182 sport musobaqalarida, jumladan, 26 ta jahon chempionati (279 ta ishtirokchi), 18 ta Osiyo chempionati (209 ta ishtirokchi), 32 xalqaro oʼquv-mashgʼulot yigʼini (300 ta ishtirokchi), 106 ta xalqaro turnirlar (1 179 ta ishtirokchi)da jami 1 179 nafar (shundan 657 nafari ayollar) sportchilar qatnashdi.

Jumladan, sportchilarimiz tomonidan jahon chempionatlarida jami 118 medallar (40 ta oltin, 22 ta kumush, 56 ta bronza), Osiyo chempionatida jami 114 medallar (35 ta oltin, 42 ta kumush, 37 ta bronza), Respublika turnirlarida jami 525 ta medallar (127 ta oltin, 224 ta kumush, 174 ta bronza) qoʼlga kiritildi”, deb maʼlumot berdi boshqarma boshligʼi Bahodir Mamatnazarov.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

Saytning oxirgi yangilanishi:
09.08.2020 | 11:05
Onlayn maslahatchi
Mening fikrim

Biz bilan bog'lanish

  • "Ishonch telefoni" raqami:
  • "Yagona telefon" raqami:
  • Ish kunlari (shanba va yakshanbadan tashqari) 9:00 dan 18:00 gacha (tushlik 13:00 dan 14:00 gacha)
  • "Ishonch telefoni" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • "Yagona telefon" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • Yuridik manzil: O‘zbekiston, Toshkent shahar, Abdulla Qodiriy 2-uy
  • E-mail: info@goskomsport.uz
  • Telefon:
  • Faks:
  • Mo'ljal: Oloy bozori
  • Transportlar:
    • Avtobuslar: 85,51
    • Marshrut taksilar: 17, 62, 95, 152, 153, 169