Sportni yanada ommalashtirish bo'yicha Prezident farmoni qabul qilindi

Kecha, 24 yanvar kuni Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev “Oʼzbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yanada takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi farmonni imzoladi. Quyida farmonning toʼliq matni bilan tanishishingiz mumkin.

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 
farmoni

Respublikada oxirgi yillarda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, aholi oʼrtasida sogʼlom turmush tarzini targʼib qilish, imkoniyatlari cheklangan shaxslarning jismoniy reabilitatsiyasi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish hamda mamlakatning xalqaro sport maydonlarida munosib ishtirok etishini taʼminlash borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
 
Shu bilan birga, jismoniy tarbiya va sport sohasida aholi sogʼligʼini mustahkamlashga koʼmaklashadigan aniq dasturlarni amaliyotga joriy etish, yoshlarni sportga keng jalb qilish va ular orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish, sport turlari boʼyicha yuqori natijalarni taʼminlaydigan mahoratli sportchilar bilan milliy terma jamoalarni shakllantirish va trenerlar uchun qoʼshimcha shart-sharoitlar yaratish zarurati mavjud.

Mamlakatda yuksak madaniyatga ega boʼlgan har tomonlama yetuk hamda jismonan sogʼlom insonni shakllantirish maqsadida aholining jismoniy tarbiya va sport sohasida malaka va bilimlarini orttirishga qaratilgan ustuvor yoʼnalishlarni belgilash, iqtidorli sportchilarni tanlab olish (selektsiya) jarayoniga innovatsion shakllar va usullarni joriy etish maqsadida:

1.Quyidagilar jismoniy tarbiya va sport tizimini isloh qilishning 2025 yilgacha asosiy yoʼnalishlari etib belgilansin:

jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shugʼullanayotgan aholining umumiy sonini 30 foizgacha, sport tashkilot va muassasalarida shugʼullanayotgan yoshlarning umumiy sonini 20 foizgacha oshirish;

davlat sport taʼlimi muassasalarida trener va mutaxassislarning sifat tarkibi, xususan, oliy maʼlumotli xodimlar sonini bosqichma-bosqich 80 foizgacha yetkazish;

joylarda yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni tanlab olish (selektsiya)ning samarali va shaffof toʼrt bosqichli – tashkilot-tuman (shahar)-hudud-respublika tizimini ishlab chiqish va joriy etish;

Oʼzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimidagi sport maktablari oʼquvchi-sportchilari oʼrtasida “Bolalar sport oʼyinlari”ni oʼtkazish orqali iqtidorli sportchilarni aniqlash va yoshlar terma jamoalariga zaxira yaratish hamda oliy taʼlim muassasalari talabalari oʼrtasida “Talabalar sport oʼyinlari”ni tashkil etish natijasida talabalarni sport bilan muntazam shugʼullanishga jalb etish;

aholining keng qatlamlari, jumladan, umumtaʼlim maktabi oʼquvchilari, professional va oliy taʼlim muassasalari oʼquvchi va talabalari oʼrtasida jismoniy tarbiyani ommalashtirish, ular orasida iqtidorlilarini aniqlash maqsadida “Umumtaʼlim maktab sporti” festivali, “Jismoniy tayyorgarligi rivojlangan muassasa” koʼrik-tanlovini bosqichma-bosqich (tuman/shahar, hudud, respublika) oʼtkazish tizimini ishlab chiqish va jismoniy tayyorgarlik darajasi rivojlangan eng yaxshi umumtaʼlim maktabi, professional va oliy taʼlim muassasasi nominatsiyasini joriy etish;

2020 yildan boshlab sport sohasida “Tashkent Marathon” xalqaro marafoni, “Save Aral” xalqaro ekomarafoni, avtoralli va motokross sport musobaqalarini tizimli oʼtkazish orqali sport turizmini rivojlantirish;

aholining barcha qatlamlari oʼrtasida “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sinovlarini oʼtkazishni joriy etish; 
sport turlari boʼyicha terma jamoalar sportchilari uchun ilmiy-kompleks laboratoriyalar tashkil etish, tayyorgarlik jarayoniga ilgʼor innovatsion texnologiyalarni joriy etish hamda sport sohasida samarali tibbiy va farmakologik taʼminotni yoʼlga qoʼyish;

sport turlari boʼyicha 18 yoshgacha boʼlgan hududiy terma jamoa aʼzolarini hududiy bolalar koʼp tarmoqli tibbiyot markazlarining oʼsmirlar boʼlimlarida va undan katta yoshdagi hududiy terma jamoa aʼzolarini tuman (shahar) koʼp tarmoqli markaziy poliklinikalarida muntazam ravishda chuqurlashtirilgan tibbiy koʼrikdan oʼtkazib borish mexanizmini joriy etish;

2020 yil 1 fevraldan boshlab bosqichma-bosqich olimpiya sport turlari boʼyicha respublika sport musobaqalarida doping-test namunalarini olish tizimini joriy etish;

qishki Olimpiya sport turlari infratuzilmasini yaratish, ushbu sport turlarini ommaviylashtirish orqali professional sportchilarni tayyorlash tizimini yoʼlga qoʼyish;

Oʼzbekiston sport delegatsiyalarini nufuzli sport musobaqalariga tizimli tayyorlash boʼyicha Toshkent viloyati, Boʼstonliq tumanida Olimpiya tayyorgarlik markazini tashkil etish;

xorijlik sportchi va muxlislarni keng jalb qilish hamda sport infratuzilmasidan samarali foydalanish maqsadida “xospitaliti xizmatlari”ni yoʼlga qoʼyish, “Sport Visa” qoʼshimcha (elektron boʼlmagan) kirish vizasini joriy etish;

sport sohasida xususiy sektor ishtirokini oshirish, shu jumladan, sport tashkilotlarida davlat ulushini kamaytirish boʼyicha zarur choralar belgilash;

sport lotereyalarini tashkil etish orqali sportni qoʼshimcha moliyalashtirish tizimini kengaytirish;

huquqni muhofaza qilish organlari va Qurolli Kuchlar tizimidagi taʼlim muassasalari, jumladan, “Temurbeklar maktabi” oʼquvchi-talabalari uchun “Аrmiya oʼyinlari” dasturiga kiritilgan sport turlari boʼyicha fakulьtativ mashgʼulotlar va toʼgaraklar faoliyatini yoʼlga qoʼyish;

jismoniy tarbiya-sogʼlomlashtirish, sport inshootlari va muassasalarining boshqaruv tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, jumladan, “Sport.uz” axborot tizimi orqali sport inshootlarining telekommunikatsiya tarmoqlariga ulanishini taʼminlash;

milliy sport turlarini rivojlantirish va ommaviyligini oshirish, ularni Osiyo va Olimpiya oʼyinlari dasturlariga kiritish boʼyicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish. 

2. Quyidagilar:

Oʼzbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni 2025 yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasi (keyingi oʼrinlarda – Kontseptsiya) 1-ilovaga muvofiq;

Oʼzbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni 2025 yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasining maqsadli koʼrsatkichlari 2-ilovaga muvofiq;

Oʼzbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni 2025 yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasini 2020 yilda amalga oshirish boʼyicha “Yoʼl xaritasi” 3-ilovaga muvofiq;

Respublika tuman (shahar)larni ustuvor, istiqboldagi, rivojlanayotgan sport turlariga ixtisoslashtirish roʼyxati 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilansinki, Kontseptsiyada nazarda tutilgan maqsadli koʼrsatkichlar va asosiy yoʼnalishlar har yili Oʼzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining asoslangan hisob-kitoblariga asosan, shuningdek, ushbu tadbirlarni moliyalashtirish uchun ajratilgan byudjet mablagʼlari doirasida Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan “Yoʼl xaritasi” orqali bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

3. Shunday tartib oʼrnatilsinki, unga muvofiq:

har yili 1 noyabrga qadar kelgusi yil uchun sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining respublika kalendar rejasi (keyingi oʼrinlarda – respublika kalendar rejasi) sport turlari boʼyicha federatsiyalar (uyushmalar) taqdimnomasi asosida Oʼzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan shakllantiriladi va Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritiladi;

respublika kalendar rejasida belgilangan xarajatlar tarkibida Oʼzbekiston Milliy Olimpiya qoʼmitasi, sport turlari boʼyicha federatsiyalar (uyushmalar)ning faoliyati bilan bogʼliq xarajatlar, shuningdek, sportchilarni sugʼurtalash xarajatlari nazarda tutiladi;

tasdiqlangan respublika kalendar rejasiga asosan hududiy hamda tuman (shahar) sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendarь rejalari tegishli ravishda Qoraqalpogʼiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) hokimliklari tomonidan har yili 1 dekabrga qadar tasdiqlanadi;

sportchi yoshlarni saralash va katta sportga iqtidorli sportchilarni tanlab olish (selektsiya), sport zaxirasini shakllantirish tizimini yoʼlga qoʼyish, yoshlar orasida sportni ommalashtirishda yuqori natijalarga erishish maqsadida hududlarning oʼziga xos xususiyatlari, aholining qiziqishi va xohish-istaklaridan kelib chiqib, umumtaʼlim maktablari oliy taʼlim muassasalari kamida bittadan ustuvor, istiqboldagi, rivojlanayotgan, shu jumladan, milliy sport turlariga ixtisoslashtiriladi;

ichki ishlar organlari profilaktika (katta) inspektorlarining jamoat tartibini saqlash boʼyicha yordamchilari biriktirilgan hududlarda, shu jumladan, mahalla fuqarolar yigʼinlarida aholini, ayniqsa, yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga jalb etish boʼyicha masʼul etib belgilanadi.

4. Belgilab qoʼyilsinki, Qoraqalpogʼiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) hokimlari:

jismoniy tarbiya va sport muassasalarini qoʼllab-quvvatlash va ularning inshootlari infratuzilmasini rivojlantirish;

Qoraqalpogʼiston Respublikasining byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjeti, tuman (shahar) byudjetlari daromadlarining prognozdan oshirib bajarilgan qismi hisobidan mablagʼlarni hududiy sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarini qoʼshimcha moliyalashtirish uchun yoʼnaltirish;

respublika sport federatsiyalari (uyushmalari) bilan birgalikda oliy taʼlim muassasalarini sport turlari boʼyicha ixtisoslashtirish, jismoniy tarbiya va sport bilan shugʼullanish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sinovlarini oʼtkazish, aholi va yoshlar oʼrtasida bu borada olib borilayotgan ishlar samaradorligini har chorakda muhokama etib borish;

tegishli hududda jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirish hamda jismoniy tarbiya-sogʼlomlashtirish va sport tashkilotlaridagi mavjud muammolarni bartaraf etish boʼyicha masʼul hisoblanadi.

5. Qoraqalpogʼiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirlik, idora va tashkilotlar, oʼz tasarrufida boʼlgan yoki tegishli hududda joylashgan ochiq sport obʼektlari (stadion, futbol maydoni va boshqa sport obʼektlari) hamda istirohat bogʼlarida (xususiy tadbirkorlik subʼektlariga tegishli obʼektlar bundan mustasno) aholining yugurish, yurish va badantarbiya turlari bilan bepul shugʼullanishi uchun sharoit yaratsin.

6. Oʼzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining:
 
vazirlik markaziy apparati tuzilmasidagi jismoniy tarbiya va sport sohasida monitoring boshqarmasi negizida Ichki audit va moliyaviy nazorat boshqarmasini tashkil etish;

sport pasportini rasmiylashtirish va berish uchun yigʼimni pul toʼlovi amalga oshirilayotgan kundagi bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida belgilash;

Oʼzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʼrta maxsus taʼlim vazirligi va Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda taʼlim muassasalarining sport inshootlarini, ularda rekonstruktsiya qilish, kapital taʼmirlash va jihozlash boʼyicha investitsiya majburiyatini olgan holda, oʼquv mashgʼulotlaridan boʼsh vaqtda tadbirkorlik subʼektlariga foydalanishga berish;

Oʼzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda sport lotereyalarini tashkil etish va yuridik shaxslar tomonidan sport lotereyalarini oʼtkazishdan olingan daromadning 10 foizigacha boʼlgan qismini byudjetdan tashqari “Sport” maxsus hisob raqami mablagʼlarini shakllantirishning qoʼshimcha manbasi etib belgilash toʼgʼrisidagi takliflari maʼqullansin.

7. Oʼzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining tuman va shahar boʼlimlari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, tizimdagi sport maktablari va kollejlari oʼquv sinf va laboratoriya xonalari hamda yotoqxonalarini jihozlash uchun Jismoniy tarbiya va sport vazirligining byudjetdan tashqari “Sport” maxsus hisob raqamiga 2020 yilda Oʼzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining qoʼshimcha manbalari hisobidan 50 milliard soʼm mablagʼ ajratsin.

8. Oʼzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi hamda “Milliy bank” АJ jismoniy tarbiya-sogʼlomlashtirish va sport inshootlarini barpo etish loyihalarini moliyalashtirish uchun 200 million yevro, shu jumladan, 2020 yilda 50 million yevro miqdorida xalqaro moliya institutlari va xorijiy banklarning kredit mablagʼlarini (keyingi oʼrinlarda – kredit mablagʼlari) jalb qilsin.

9. Belgilab qoʼyilsinki, loyiha tashabbuskorlariga:

2020-2021 yillarda jismoniy tarbiya-sogʼlomlashtirish va sport inshootlarini barpo etish uchun ajratiladigan tijorat banklarining summasi 10 milliard soʼmdan, foiz stavkasi Oʼzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasining 1,5 baravaridan oshmaydigan milliy valyutadagi kreditlar uchun – asosiy stavkadan oshadigan, lekin 8 foiz punktidan koʼp boʼlmagan qismi Tadbirkorlik faoliyatini qoʼllab-quvvatlash davlat jamgʼarmasi tomonidan qoplab beriladi;

Oʼzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ushbu imtiyozlar uchun zarur boʼlgan mablagʼlarni Tadbirkorlik faoliyatini qoʼllab-quvvatlash davlat jamgʼarmasiga belgilangan tartibda ajratsin;

kredit mablagʼlari jismoniy tarbiya-sogʼlomlashtirish va sport inshootlarini barpo etishda innovatsion texnologiyalarga asoslangan, arzon, energiya tejamkor va tez barpo etiladigan yengil konstruktsiya va materiallardan foydalanishni nazarda tutuvchi namunaviy loyihalarni amalga oshirish uchun ajratiladi.

Oʼzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Qurilish vazirligi Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʼrta maxsus taʼlim vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda loyiha tashkilotlarini jalb qilgan holda bir oy muddatda ilgʼor xorijiy davlatlar tajribasi, taʼlim muassasalari va boshqa obʼektlarning quvvati hamda mazkur bandda koʼrsatilgan talablardan kelib chiqib, har bir sport turlari boʼyicha barpo etiladigan sport obʼektlarining namunaviy loyihalarini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlanishini taʼminlasin.

10. 2020 yilda xalqaro moliya institutlari va xorijiy banklarning kreditlari hisobidan respublika hududlarida jismoniy tarbiya-sogʼlomlashtirish va sport inshootlarini barpo etish boʼyicha istiqbolli loyihalarning yigʼma koʼrsatkichlari 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

11. Oʼzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Moliya vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda quyidagilarni:

Oʼzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tarkibidagi sport taʼlimi muassasalarining shtat birliklari doirasida sport dietologi, sport psixologi, sport farmakologi, massajchi va selektsiya boʼyicha trener lavozimlari hamda respublika oliy sport mahorati maktablarida har bir sport turi boʼyicha Bosh trener-selektsioner lavozimini joriy etish;

sport muassasalarining xarajatlar smetasida nazarda tutilgan mablagʼlar doirasida sport tayyorgarligidan oʼtayotgan oʼquvchi-sportchining sportdagi natijalari yaxshilanganda va u boshqa yuqori darajadagi sport taʼlimi muassasasiga oʼtkazilganda, uni tayyorlagan trenerga bir oylik ish haqi miqdorida bir martalik mukofot puli toʼlash;

sport maktablari erishgan natijalariga koʼra ular maqomini qayta koʼrib chiqish va belgilash tartibini nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

12. Oʼzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʼrta maxsus taʼlim vazirligi, Moliya vazirligining 2020 yil 1 fevraldan boshlab sport sohasidagi yutuqlarni munosib ravishda ragʼbatlantirishni nazarda tutuvchi quyidagi takliflariga rozilik berilsin:

a) olimpiya va paralimpiya sport turlari boʼyicha Olimpiya va Paralimpiya hamda Osiyo va Paraosiyo oʼyinlari, jahon, Osiyo va respublika chempionatlarida oxirgi uch yilda gʼolib va sovrindor (1-3 oʼrin) boʼlgan sportchi-oʼquvchilarni Oʼzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʼlari hisobidan moliyalashtiriladigan oliy taʼlim muassasalariga (tibbiyot yoʼnalishidan tashqari) qoʼshimcha davlat granti asosida imtihon sinovlarisiz qabul qilish;

b) “Bolalar sport oʼyinlari”ning jamoaviy oʼyin turlari boʼyicha respublika bosqichi: 

gʼoliblariga (1-oʼrin) oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlarida soha boʼyicha mutaxassislik fanidan maksimal ball olish huquqini beruvchi, uch yil muddat davomida amal qiluvchi sertifikat taqdim qilish;

gʼolib va sovrindorlarni (1-3 oʼrin) tayyorlagan jismoniy tarbiya fani oʼqituvchilarini respublika kalendarь rejasida nazarda tutilgan mablagʼlar hisobidan egallagan 1-oʼrin uchun mehnatga haq toʼlash eng kam miqdorining – 6 baravari, 2-oʼrin uchun – 4 baravari, 3-oʼrin uchun – 3 baravari miqdorida bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlash;

v) umumiy oʼrta taʼlim maktablari oʼquvchilari oʼrtasida oʼtkaziladigan jismoniy tarbiya fan olimpiadasining gʼolib va sovrindorlarini (1-3 oʼrin) tayyorlagan jismoniy tarbiya fani oʼqituvchilari va sport taʼlim muassasalarining trenerlari malaka attestatsiyasiga jalb etilmasdan, ularga:

tuman (shahar) bosqichi gʼolib va sovrindorlarini (1-3 oʼrin) tayyorlagani uchun – ikkinchi malaka toifasini; 

viloyat bosqichi gʼolib va sovrindorlarini (1-3 oʼrin) tayyorlagani uchun – birinchi malaka toifasini;

respublika va xalqaro musobaqalar gʼolib va sovrindorlarini (1-3 oʼrin) tayyorlagani uchun – oliy malaka toifasini toʼgʼridan-toʼgʼri berish;

g) olimpiya sport turlari boʼyicha respublika (1-oʼrin) va xalqaro musobaqalarda (Olimpiya va Paralimpiya oʼyinlarida, Osiyo va Paraosiyo oʼyinlarida, jahon chempionatida va Osiyo chempionatida 1-3 oʼrinlar) gʼolib chiqqan oliy taʼlim muassasalari talabalarini tayyorlagan jismoniy tarbiya va sport yoʼnalishidagi kafedralar oʼqituvchilariga navbatdagi ilmiy unvonlarni (dotsent, professor) toʼgʼridan-toʼgʼri berish. 

13. Oʼzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Moliya vazirligining:

sport maktablarining oʼquv dasturlarida oʼquv mashqlar soatini qisqartirish hisobiga ushbu maktablardagi trener-oʼqituvchilarning bazaviy tarif stavkasi har haftadagi bevosita oʼquv-mashq ishlarining 24 akademik soati uchun belgilash;
 
bosqichma-bosqich tuman (shahar) bolalar va oʼsmirlar sport maktablaridagi bosh hisobchi lavozimlari hisobidan tuman (shahar) jismoniy tarbiya va sport boʼlimlarida markazlashgan buxgalteriya xizmatini joriy etish hamda unga tuman (shahar) sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendarь rejalarini moliyalashtirish uchun ajratilgan mablagʼlarning hisobini yuritishni yuklash toʼgʼrisidagi takliflari maʼqullansin.

14. Oʼzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimi boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni doirasida, uning hududiy boshqarmalari tuzilmasiga qoʼshimcha 28 ta boshqaruv xodimi shtat birliklari kiritilsin. 

15. Oʼzbekiston Respublikasi Oliy va oʼrta maxsus taʼlim vazirligi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan birgalikda 2020/2021 oʼquv yiliga qadar oliy taʼlim muassasalarining jismoniy tarbiya va sport yoʼnalishidagi bakalavriat taʼlim yoʼnalishlari va magistratura mutaxassisliklarining davlat taʼlim standartlari, malaka talablari va fan dasturlarini takomillashtirsin hamda bitiruvchilarga jismoniy tarbiya oʼqituvchisi va ixtisoslashgan sport turi boʼyicha trener kvalifikatsiyasini berish amaliyotini joriy etsin. 
16. Oʼzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi:

Oʼzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʼrta maxsus taʼlim vazirligi sport turlari boʼyicha federatsiyalar (uyushmalar) bilan birgalikda hududlarda ixtisoslashtirilgan tuman (shahar), umumtaʼlim maktablari hamda oliy taʼlim muassasalarini sport yoʼnalishlari boʼyicha zarur oʼquv adabiyotlar, metodik qoʼllanmalar va yoʼriqnomalar bilan taʼminlash boʼyicha tegishli choralarni koʼrsin;

Oʼzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va “Milliy bank” АJ bilan birgalikda bir oy muddatda jismoniy tarbiya-sogʼlomlashtirish va sport inshootlarini barpo etish loyihalarini moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlari va xorijiy banklar tomonidan ajratilayotgan kreditlardan foydalanish tartibi toʼgʼrisidagi nizomni tasdiqlasin;

Oʼzbekiston Respublikasi Аxborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan birgalikda 2020 yilning 1 iyuniga qadar Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimida yagona elektron boshqaruv tizimini joriy etishni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Bunda davlat byudjetidan sport sohasi uchun, shuningdek, sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining respublika va hududiy kalendarь rejalari uchun ajratiladigan mablagʼlar taqsimlanishi va ishlatilishining toʼliq nazoratini amalga oshirish, ular boʼyicha hisobotlarni shakllantirish, sport muassasalarining byudjetdan tashqari mablagʼlar tushumlarini nazorat qilish va ishlatilishi shaffofligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilsin. 
17. Oʼzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʼzgartirish va qoʼshimchalar toʼgʼrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin. 

18. Mazkur Farmon ijrosi quyidagi tartibda amalga oshirilsin: 

Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari А.А.Аbduhakimov – mazkur Farmon ijrosini sifatli, toʼliq va oʼz vaqtida taʼminlash, belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan masʼul vazirlik, idora va tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil qilsin hamda muvofiqlashtirsin, har oyda ular rahbarlarining bajarilgan ishlar toʼgʼrisidagi hisobotlarini qabul qilsin hamda aniqlangan kamchiliklarni oʼz vaqtida bartaraf etsin; 

Oʼzbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vaziri D.H.Nabiev – Kontseptsiyaning maqsadli koʼrsatkichlariga erishish, Kontseptsiya va “Yoʼl xaritasi”ni ijro etish yuzasidan barcha zarur choralar koʼrilishini taʼminlasin, jismoniy tarbiya va sportni aholi, ayniqsa, yoshlar oʼrtasida ommalashtirish borasida sport turlari boʼyicha federatsiyalar (uyushmalar) bilan yaqindan hamkorlik qilsin, sohada taʼsirchan jamoatchilik nazoratini tashkil etsin, mazkur Farmonda belgilangan vazifalarni oʼz vaqtida va sifatli amalga oshirishda masʼul tashkilotlarga uslubiy va amaliy yordam koʼrsatsin hamda uning ijrosi boʼyicha har oyda Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borsin;

Oʼzbekiston Respublikasi qurilish vaziri B.I.Zokirov –innovatsion texnologiyalarga asoslangan, arzon, energiya tejamkor va tez barpo etiladigan yengil konstruktsiya va materiallardan sport zallari (boks, kurash, fitnes, gimnastika), futbol, voleybol, basketbol, badminton va tennis maydonlarining namunaviy loyihalari ishlab chiqilishini hamda ushbu sohada mavjud qurilish norma va standartlari qayta koʼrib chiqilishini taʼminlasin, shuningdek, qurilish-montaj ishlari sifatli bajarilishi ustidan davlat arxitektura-qurilish nazoratini oʼrnatsin;

Qoraqalpogʼiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) hokimlari – hududlarni ustuvor, istiqboldagi hamda rivojlanayotgan sport turlariga ixtisoslashtirish boʼyicha ishlarni samarali tashkil qilsin, sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendarь rejalariga muvofiq hududiy sport musobaqalarini toʼliq hajmda moliyalashtirish hamda yuqori saviyada oʼtkazish boʼyicha zarur choralarni koʼrsinlar;

masʼul vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlari – Kontseptsiya va “Yoʼl xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarni oʼz vaqtida, sifatli va toʼliq bajarish, jismoniy tarbiya-sogʼlomlashtirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, ishchilar oʼrtasida sogʼlom turmush tarzini targʼib qilish yuzasidan barcha choralarni amalga oshirsinlar;

Oʼzbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori А.K.Koʼchimov, Oʼzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi v.b. А.D.Xadjaev hamda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Аdministratsiyasi huzuridagi Аxborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori v.b. K.I.Аllamjonov – mazkur Farmonning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatini yoritishga oid maqolalar, brifinglar, press-konferentsiyalar, tematik telekoʼrsatuvlar tashkil etsinlar. 

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoev

Toshkent shahri, 
2020 yil 24 yanvar

Saytning oxirgi yangilanishi:
25.05.2020 | 18:57
Onlayn maslahatchi
Mening fikrim

Biz bilan bog'lanish

  • "Ishonch telefoni" raqami:
  • "Yagona telefon" raqami:
  • Ish kunlari (shanba va yakshanbadan tashqari) 9:00 dan 18:00 gacha (tushlik 13:00 dan 14:00 gacha)
  • "Ishonch telefoni" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • "Yagona telefon" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • Yuridik manzil: O‘zbekiston, Toshkent shahar, Abdulla Qodiriy 2-uy
  • E-mail: info@goskomsport.uz
  • Telefon:
  • Faks:
  • Mo'ljal: Oloy bozori
  • Transportlar:
    • Avtobuslar: 85,51
    • Marshrut taksilar: 17, 62, 95, 152, 153, 169