TAEKVONDO BO‘YICHA JAHON CHEMPIONATI SOVRINDORLARI TAQDIRLANDI

Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo o‘yinlari hamda jahon chempionatlarida yuksak natijalarga erishgan, nufuzli xalqaro sport musobaqalarida Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tarib kelayotgan sportchilar va ularning trenerlarini rag‘batlantirish, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda ularning boy hayotiy tajribasi va salohiyatidan keng foydalanish, xalqaro sport aloqalarini yanada mustahkamlash, jahonda O‘zbekistonning obro‘sini yanada yuksaltirish maqsadida shu yilning 10- avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Nufuzli xalqaro sport musobaqalarida yuksak natijalarga erishgan O‘zbekiston sportchilarini jamoat va sport ishlariga keng jalb etish hamda sportchilarni va ularning trenerlarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi qarori imzolangan edi. Unga ko‘ra, nufuzli xalqaro sport musobaqalarida yuksak natijalarga erishgan O‘zbekiston sportchilarini pul mukofotlari bilan rag‘batlantirish belgilab qo‘yilgan.
12-oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi davlat sport qo‘mitasi raisi Rustam Qurbonov sport jamoatchiligi faollari huzurida taekvondo bo‘yicha jahon chempionatida sovrinli o‘rinlarni egallagan Nikita Rafalovich va Dinoraxon Mamadibragimovani yuksak natijalar bilan tabriklab, ularga zarbop to‘nlar kiygizdi hamda pul mukofotlari sertifikatlarini topshirdi.
Taekvondo bo‘yicha 23-jahon chempionati joriy yilning 24-30 iyun kunlari Janubiy Koreyaning Mudju shahrida o‘tkazilgan va turnirda 176 mamlakat vakillari 16 komplekt medallar shodasi uchun bahs olib borishgan edi.
Nikita Rafalovich 74 kilogrammgacha vazn toifasida muvaffaqiyatli qatnashib, finalgacha yetib borgan. Ammo hal qiluvchi bahsda rossiyalik Yevropa chempioni Maksim Xramsovga imkoniyatni boy bergandi. O‘z navbatida, endi sobiq jahon chempioniga aylangan eronlik Masud Xoji Zavarex va qozog‘istonlik Qayrat Sarimsaqov kabi kuchli raqiblar ortda qolgani e’tiborga loyiq. Darvoqe, Chelyabinskda o‘tgan avvalgi jahon chempionatida ham Nikita vitse-chempion unvoniga sazovor bo‘lgandi.
- Bizga bildirilgan ishonchni oqlaganimizdan xursandman. Bu – sport, va unda doim ham oltin medalni qo‘lga kiritish osonmas. Jahon chempionatida finalgacha ko‘plab juda kuchli raqiblar bilan o‘tgan bahslar nafaqat jismoniy jihatdan toliqtiradi, balki ehtiroslarni ham talab qiladi. Shuning uchun finalda g‘alaba qozona olmadim, shekilli. Bizga ko‘rsatilayotgan e’tibordan behad mamnunmiz. Kelgusi musobaqalarda ham muvaffaqiyatli qatnashib, muxlislarimizni quvontirishga harakat qilaman, - dedi Nikita Rafalovich.
Ayollar o‘rtasida 53 kilogrammgacha vazn toifasida Mudjudagi shohsupaning uchinchi pog‘onasiga hamyurtimiz Dinoraxon Mamadibragimova ko‘tarildi va bronza medali bilan taqdirlandi.
- Bizning sport arenalaridagi muvaffaqiyatlarimiz bunchalik yuksak qadrlanishidan ko‘nglimiz faxr-iftixor tuyg‘ulariga to‘ladi. Musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rishimiz uchun bizga barcha shart-sharoit muhayyo qilingan. Davlatimiz rahbariyati tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik bizni yanada yaxshiroq natijalarni qo‘lga kiritishga undaydi. Kelgusi musobaqalarda ham munosib qatnashishga harakat qilamiz. Ayniqsa, 2018-yilgi Osiyo o‘yinlari shohsupasiga ko‘tarilishni juda xohlayman, - dedi Dinoraxon Mamadibragimova.
Dekabrda Gran-pri musobaqalarining finali sayyoramizning eng kuchli taekvondochilarini to‘playdi. Biz ushbu startlarda ham o‘zbekistonlik sportchilarga omad yor bo‘lishini tilaymiz.

Saytning oxirgi yangilanishi:
12.11.2019 | 21:44
Onlayn maslahatchi
Mening fikrim

Biz bilan bog'lanish

  • "Ishonch telefoni" raqami:
  • "Yagona telefon" raqami:
  • Ish kunlari (shanba va yakshanbadan tashqari) 9:00 dan 18:00 gacha (tushlik 13:00 dan 14:00 gacha)
  • "Ishonch telefoni" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • "Yagona telefon" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • Yuridik manzil: O‘zbekiston, Toshkent shahar, Abdulla Qodiriy 2-uy
  • E-mail: info@goskomsport.uz
  • Telefon:
  • Faks:
  • Mo'ljal: Oloy bozori
  • Transportlar:
    • Avtobuslar: 85,51
    • Marshrut taksilar: 17, 62, 95, 152, 153, 169