AOKAda oʻtkazilgan matbuot anjumanida jismoniy tarbiya va sportga qaratilayotgan eʼtibor, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar muhokama qilindi

Xabar berganimizdek, bugun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan “Oʻzbekistonda jismoniy tarbiya va sportga qaratilayotgan eʼtibor, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar” mavzusida matbuot anjumani oʻtkazildi.

Anjumanda Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev, Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha ilmiy metodik taʼminlash, mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi rahbari Ilhomjon Tursunaliyev, Iqtisodiy tahlil, moliya va investitsiyalar boshqarmasi boshligʻi Zafarbek Usanov hamda vazirlikning tegishli mutasaddi xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda dastavval Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni ilmiy-metodik taʼminlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi hamda Oʻzbekiston Respublikasida trenerlik faoliyatlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori muhokama qilindi.

– Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida joriy yilning 4-sentyabr kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida oldimizga sohadagi mavjud muammolarning yechimi boʻyicha aniq vazifalar belgilab berildi. Ushbu vazifalar ijrosini taʼminlash boʻyicha kuni kecha Bosh vazirimiz ikkita muhim hujjatga, yaʼni Vazirlar Mahkamasi qarorlariga imzo chekdilar. Oʻylaymizki, mazkur qarorlar sohada xizmat qilayotgan mutaxassis-trenerlar, rahbar xodimlar, olimpiada sovrindorlari, qoʻyingki sport bilan shugʻullanuvchi barcha insonlarning hayoti va faoliyatida juda katta yengillik yaratish, ularning yanada yaxshi mehnat qilishlari uchun sharoit yaratishga xizmat qiladi.

Ochigʻini aytadigan boʻlsak, mazkur qaror – ichimizda saqlab yurgan dardimiz edi. Qarordagi dastlabki oʻzgarish, barchangizga maʼlum, 8 yil davomida mutaxassis-trenerlar har 3 yilda trenerlik litsenziyalarini yangilashlari lozim boʻlgan. Ushbu ruxsatnomalarni yangilash ikki bosqichdan iborat boʻlgan. Birinchisi, test bosqichi boʻlib, unda qanday savollar tuzilgan va uni kim tuzgan, oʻzi bunga trener javob berishi shartmi yo yoʻqmi, oʻzi bu savollar trenerning asosiy vazifalariga qanchalar mos keladi, degan koʻplab eʼtirozlarga sabab boʻlayotgandi. Prezidentimiz mazkur masalani ham uzil-kesil hal qilish boʻyicha topshiriq bergan edilar. Shunga asosan, 2019-yil 1-dekabrdan boshlab respublikada faoliyat yuritayotgan trenerlar Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni ilmiy-metodik taʼminlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi hamda uning filiallari bazasida har 5 yilda attestatsiyadan oʻtkaziladi. Bunda eng asosiy mezon sifatida trenerning yil davomida erishgan natijalari hisobga olinadi. Mazkur jarayonda oldimizga qoʻygan birinchi maqsadimiz – tizimda shaffoflikni taʼminlash, korrupsiyaning oldini olish va bevosita trener qilishi kerak boʻlgan ishi nuqtayi nazaridan bundan buyogʻiga ruxsatnomasini oladi. Bu ham shu vaqtga qadar oldimizda turgan juda katta muammo edi. Hatto vaziyat shu darajaga yetib bordiki, chempionlar, terma jamoa aʼzolarini tayyorlagan trenerlar ham testlarga javob berolmasdan sohani tark etishga majbur boʻlgan. Natijada shu paytga qadar mingga yaqin malakali mutaxassislarni yoʻqotdik.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining 4 yillik taʼlim standartini bosib oʻtgan talabamiz ham shu tizim orqali ruxsatnoma olishi kerak edi. Bunga ham barham berildi va endi unga ham diplom bilan birgalikda trenerlik qilishi uchun 5 yillik ruxsatnoma beriladigan boʻldi. Bu esa tizimda faoliyat yuritishlari uchun talabalarimizning oldida turgan toʻsiqlarni olib tashladi. Oʻylaymanki, bu ishlar yaqin kelajakda oʻzining yuksak samarasini beradi. Fursatdan foydalanib, avval mazkur tizimda ishlab, yuqoridagi qiyinchiliklar oqibatida sohadan uzoqlashishga majbur boʻlgan trenerlarni ham endi oʻzlari sevgan ish bilan qayta shugʻullanishlariga chaqirib qolgan boʻlardim.

Shu bilan birga, qilingan oʻzgarishlardan yana biri Prezidentimizning topshiriqlariga asosan, 2020-yil 1-yanvardan boshlab Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy gvardiya tasarrufidagi sportga ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarining direktor va direktor oʻrinbosarlari va trenerlar, instruktor-metodistlarining oylik maoshlari 1,35 baravarga oshirildi. Oʻylaymanki, bu oʻzgarishlar ham chaqirigʻim uchun asos boʻlib xizmat qiladi. Natijada bu sportning ommaviyligi va seleksiya ishlari uchun koʻmak beradi, – dedi Jismoniy tarbiya va sport vaziri D.Nabiyev matbuot anjumanida.

Shuningdek, anjumanda Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha ilmiy metodik taʼminlash, mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi rahbari Ilhomjon Tursunaliyev ham soʻzga chiqib, Vazirlar Mahkamasining mazkur qarorini bugun jismoniy tarbiya va sport sohasida faoliyat koʻrsatayotgan insonlar mamnuniyat bilan qarshi olgani, ushbu hujjat vositasida sohada mavjud koʻplab muammolar ijobiy yechim topganini alohida taʼkidladi.

Darhaqiqat, oʻtgan 8 yil davomida oʻzbek sporti ancha murakkab davrlarni boshdan kechirdi. Tasavvur qiling, qandaydir test tufayli shu davr mobaynida nafaqat Oʻzbekiston, balki qitʼa va jahon chempionlarini tarbiyalagan tajribali trenerlar ham taʼbir joiz boʻlsa “koʻchaga chiqarib qoʻyildi”. Trener boʻlmagach, tabiiyki yosh va iqtidorli sportchilar ham yetishib chiqmaydi. Bu esa seleksiya jarayonining pasayishi, oʻz navbatida milliy terma jamoalarda avlodlar almashinuvining juda sust amalga oshirilishi va natijalarimizning keskin darajada pasayib ketishiga sabab boʻladi. Shu maʼnoda “Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni ilmiy-metodik taʼminlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi hamda Oʻzbekiston Respublikasida trenerlik faoliyatlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori soha rivojida yangi davrni boshlab beradi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Matbuot xizmati

Saytning oxirgi yangilanishi:
30.03.2020 | 18:42
Onlayn maslahatchi
Mening fikrim

Biz bilan bog'lanish

  • "Ishonch telefoni" raqami:
  • "Yagona telefon" raqami:
  • Ish kunlari (shanba va yakshanbadan tashqari) 9:00 dan 18:00 gacha (tushlik 13:00 dan 14:00 gacha)
  • "Ishonch telefoni" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • "Yagona telefon" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • Yuridik manzil: O‘zbekiston, Toshkent shahar, Abdulla Qodiriy 2-uy
  • E-mail: info@goskomsport.uz
  • Telefon:
  • Faks:
  • Mo'ljal: Oloy bozori
  • Transportlar:
    • Avtobuslar: 85,51
    • Marshrut taksilar: 17, 62, 95, 152, 153, 169