Saida MAHMUDOVA: "Murabbiylarning maoshini oshirish kerak!"

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 4-sentyabr kuni jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, xalqaro musobaqalarga tayyorgarlikni kuchaytirish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida sohaga doir kamchiliklar muhokama etilib, amalga oshirilishi zarur boʻlgan vazifalar belgilandi.

Oʻzbekiston stol tennisi federatsiyasi raisi Saida MAHMUDOVA OʻzA muxbiriga bu borada amalga oshirilishi belgilangan vazifalar haqida gapirib berdi.

– Mamlakatimizda stol tennisi ham keng ommalashmoqda. Bugungi kunda stol tennisi bilan shugʻullanuvchi hamyurtlarimiz soni 10 mingdan oshdi. Stol tennisi boʻyicha joriy yilning oʻzida bir qator xalqaro musobaqalar boʻlib oʻtdi. Janubiy Koreya, Qatar, Bolgariya va Chexiyada oʻtgan xalqaro musobaqalarda sportchilarimiz mamlakatimiz sharafini munosib himoya qildi, – dedi S.Mahmudova. – Joriy yilgi mavsum Olimpiya oʻyinlari dasturidan joy olgan sport turlari uchun oʻta masʼuliyatlidir. Shu kunlarda stol tennischilarimiz 2020-yil Tokio shahrida boʻlib oʻtadigan XXXII yozgi Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanmalarni qoʻlga kiritish, ushbu nufuzli musobaqa hamda boshqa turnirlarda munosib ishtirok etish uchun qizgʻin tayyorgarlik koʻrmoqda.

Stol tennisi boʻyicha terma jamoamiz safini kuchli sportchilar bilan toʻldirish maqsadida mamlakat miqyosida bir qator musobaqalar oʻtkazilmoqda. Ularda saralab olingan sportchilarni xalqaro oʻquv-mashgʻulot yigʻinlariga yuboryapmiz.

Hozirda terma jamoamiz aʼzolaridan Qutbidillo Teshaboyev, Regina Kim, Rozalina Hojiyeva, Maqsud Rustamov, Soʻgʻdiyona Madaliyeva kabi yosh sportchilar xalqaro musobaqalarda ishtirok etib, yaxshi natijalarga erishmoqda.

Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanma beradigan uchta nufuzli musobaqa bor. Sportchilarimiz 15-22-sentabr kunlari Indoneziyaning Jakarta shahrida boʻlib oʻtadigan Osiyo chempionatida ishtirok etadi, 2020-yilning 6-12-aprel kunlari esa Osiyo saralash chempionati va 28-31-may kunlari jahon saralash chempionatida Olimpiya oʻyinlarining yoʻllanmalari uchun kuch sinashadi.

Bugun sportni zamonaviy tibbiyotsiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Sportchilarning tiklanish jarayonini tezlashtirish, ularni doping muammosidan saqlash gʻoyat muhim masaladir. Ayniqsa, ularni yirik musobaqalar oldidan dopingdan saqlash hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Shu sababli ham davlatimiz rahbari 4-sentyabr kuni oʻtkazgan yigʻilishida sportchilarning tez tiklanib olishi uchun farmakologik koʻmak zarurligi, lekin yurtimizda sport farmakologiyasi boʻyicha rivojlangan davlatlar tajribasini oʻrganish, yangi dori vositalarini yaratish yuzasidan ilmiy izlanishlar olib borilmayotgani, sohada malakali mutaxassislar ham yoʻqligi va sportchilarning ayrimlari doping boʻlmagan qanday moddalardan foydalanish mumkinligi haqida bilmasligini tanqid qildi.

Darhaqiqat, mazkur sohada ayrim federatsiyalarda yetarlicha muammolar bor. Shu jumladan, bizning federatsiyada ham. Biroq terma jamoamiz shifokorlari oʻzlarida mavjud boʻlgan muammolarning yechimlari haqida doimo izlanishda, shu sababli ham sportchilarimiz doping muammolariga duch kelmayapti.

Eng asosiy muammolardan biri Bolalar va oʻsmirlar, Olimpiya zaxiralari va oliy sport mahorati maktablari murabbiylarining oylik ish haqi kamligida. Hozirgi kunda koʻplab murabbiylar yuqoridagi muammolar sabab qoʻshimcha boshqa ishlar bilan mashgʻul boʻlmoqda. Buning natijasida iqtidorli sportchilarni tayyorlay olmayapti. Agarda murabbiylarning maoshi oshirilsa, ular oʻzlarining vazifalarini bor kuch-gʻayrati bilan amalga oshiradi. Bu esa isteʼdodli sportchilarni kamol toptirish uchun muhim yoʻl hisoblanadi.

Stol tennisini aholi oʻrtasida yanada ommalashtirish boʻyicha ham qator tadbirlarni yoʻlga qoʻyganmiz. Bundan uch-toʻrt yil avval mazkur sport turi bilan ayrim viloyatlarimizda shugʻullanish imkoni yoʻq edi. Soʻnggi uch yil ichida mazkur muammolarning yechimini topish uchun har bir viloyat boʻlinmalarimizda mutaxassislar ilmiy-amaliy seminarlar, taniqli sportchilar mahorat saboqlari oʻtkazdi. Oʻtgan yili esa federatsiyamizning hududiy boʻlinmalari jahon standartlariga toʻliq javob bera oladigan sport inventarlari bilan taʼminlandi. Buning samarasida viloyatlardan sport ustalari va xalqaro sport ustaligiga daʼvogar yangi isteʼdod egalari kashf etildi.

Stol tennischilarimizning mahoratini oshirib borish maqsadida Moldova, Janubiy Koreya, Latviya davlatlari bilan memorandum imzolangan. Shuningdek, Xitoy va Belarus kabi stol tennisi rivojlangan davlatlarda sportchilarimiz oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini oʻtkazmoqda.

 

Saytning oxirgi yangilanishi:
23.10.2019 | 16:23
Onlayn maslahatchi
Mening fikrim

Biz bilan bog'lanish

  • "Ishonch telefoni" raqami:
  • "Yagona telefon" raqami:
  • Ish kunlari (shanba va yakshanbadan tashqari) 9:00 dan 18:00 gacha (tushlik 13:00 dan 14:00 gacha)
  • "Ishonch telefoni" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • "Yagona telefon" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • Yuridik manzil: O‘zbekiston, Toshkent shahar, Abdulla Qodiriy 2-uy
  • E-mail: info@goskomsport.uz
  • Telefon:
  • Faks:
  • Mo'ljal: Oloy bozori
  • Transportlar:
    • Avtobuslar: 85,51
    • Marshrut taksilar: 17, 62, 95, 152, 153, 169