Prezident Samarqand shahrida Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universiteti filialini tashkil etish toʻgʻrisidagi qarorni imzoladi

Bugun, 8-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti “Samarqand shahrida “Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universiteti” Federal davlat byudjeti oliy taʼlim muassasasining filialini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarorni imzoladi.

Unga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda “Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universiteti” federal davlat byudjeti oliy taʼlim muassasasining Samarqand shahrida “Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universiteti” federal davlat byudjeti oliy taʼlim muassasasining filialini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berildi.

Qaror bilan filial faoliyatining asosiy vazifalari va yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilandi:

oliy taʼlim sifatiga qoʻyiladigan xalqaro talablarga muvofiq jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish sohasidagi vazifalarni yuqori darajada bajarishga qodir malakali kadrlar tayyorlashni taʼminlash;

jismoniy tarbiya va sport sohasida talabalarning chuqurlashtirilgan mustaqil tayyorgarligini hisobga olgan holda nazariy va amaliy mashgʻulotlarni uygʻunlashtirish;

oliy taʼlim tizimiga zamonaviy taʼlim texnologiyalariga asoslangan oʻquv jarayonlarini joriy qilish boʻyicha ilgʻor xorijiy tajribalarni tatbiq etish, jismoniy tarbiya va sport sohasi uchun kadrlar tayyorlash tizimi hamda ochiq axborot-taʼlim muhitini rivojlantirishga koʻmaklashish;

nazariy bilimlar va amaliy koʻnikmalarning oʻzaro bogʻliqligi, ilmiy-tadqiqot muassasalari va boshqa tashkilotlar bilan mustahkam hamkorlik asosida jismoniy tarbiya va sport sohasi kadrlarining professional tayyorgarligini oshirish;

jismoniy tarbiya va sport sohasida fundamental va ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borish;

xorijiy mamlakatlarning yetakchi taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari bilan uzoq muddatli aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash.

Qarorda shuningdek, quyidagilar belgilab qoʻyildi:

Filial Universitetning alohida tarkibiy boʻlinmasi hamda kadrlarga boʻlgan ehtiyojni hisobga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan kelishilgan taʼlimning asosiy yoʻnalishlari (mutaxassisliklar) boʻyicha barcha darajadagi mutaxassislarni tayyorlash, malakasini oshirish va qayta tayyorlash, shu jumladan, ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashni amalga oshiruvchi oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi;

Filialda taʼlim Rossiya Federatsiyasi federal taʼlim standartlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishilgan holda Universitet tomonidan tasdiqlanadigan oʻquv reja va taʼlim dasturlari asosida rus tilida amalga oshiriladi;

abituriyentlar qabuli va Filial bitiruvchilarini attestatsiyadan oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishilgan holda Universitet tomonidan belgilanadigan talablar, tartib va muddatlarga muvofiq amalga oshiriladi;

Filial bitiruvchilariga Oʻzbekiston Respublikasida oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjat sifatida tan olinadigan Universitetning belgilangan namunadagi diplomi beriladi.

Filial Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Universitet bilan kelishgan holda manfaatdor vazirlik, idora va boshqa tashkilotlarning tegishli kadrlarga boʻlgan real ehtiyojidan kelib chiqib, 2019/2020 oʻquv yili va keyingi yillar uchun talabalarni qabul qilish kvotalari hamda toʻlov-kontrakt asosida oʻqitish qiymati miqdorlarini belgilaydi

Filial faoliyatini moliyalashtirish:

talabalarni davlat grantlari boʻyicha oʻqitish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga ajratiladigan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan, biroq Filialga oʻqishga qabul qilinadigan talabalar umumiy sonining 30 foizidan ortiq boʻlmagan miqdorda;

talabalarni toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

xalqaro (xorijiy) moliya institutlari va tashkilotlarining grantlari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

Qarorga asosan Samarqand shahar, Ibn Sino koʻchasi, 17a-uy manzilida joylashgan Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Samarqand filiali bino, inshootlari hamda unga tutash hudud Samarqand viloyati Sportning oʻyin turlari va yengil atletika boʻyicha ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar sport maktabiga operativ boshqaruv huquqi bilan berilsin, keyinchalik ushbu joyda Filial bepul foydalanish huquqi bilan joylashtiriladi.

Shuningdek, filialga Ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar sport maktabi, shuningdek, Samarqand ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internati va Sportning eshkak eshish turlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari respublika bolalar-oʻsmirlar sport maktabining sport inshootlaridan bepul foydalanish huquqi beriladi.

Qarorda Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirliklariga Universitet bilan birgalikda bir oy muddatda Filialning ustavi va tuzilmasi ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi, shuningdek, belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini hamda uch oy muddatda Filial tanlov asosida yuqori malakali professor-oʻqituvchilar tarkibi bilan toʻldirilishini taʼminlash vazifalari yuklatildi.

Bundan tashqari filialga:

kadrlarga boʻlgan ehtiyoj va mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi istiqbolidan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan birgalikda taʼlimning bakalavriat bosqichi asosiy yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarini ochishga;

professor-oʻqituvchi xodimlar, shuningdek, pedagogik va ilmiy ish olib borishga jalb etiladigan boshqa shaxslar mehnati, yashashi hamda transport xarajatlariga tuziladigan shartnomalar asosida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan tariflar boʻyicha haq toʻlashga ruxsat berildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga Samarqand viloyati xokimligi bilan birgalikda 2019 yil 1 sentyabrga qadar boʻlgan muddatda Filialning bino va inshootlari kapital taʼmirlanishi 
va rekonstruksiya qilinishi, shuningdek zarur mebel, inventar, zamonaviy oʻquv hamda laboratoriya uskunalari, kompyuter va boshqa tashkiliy texnika, kutubxona fondi bilan jihozlanishini taʼminlash vazifasi topshirildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

Ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar sport maktabining Filialni joylashtirish uchun ajratiladigan bino va inshootlari boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va taʼmirlash-tiklash ishlarini amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasining 2019 yilga moʻljallangan Investitsiya dasturida nazarda tutilgan kapital qoʻyilmalar limitlari doirasida mablagʻ ajratilishini taʼminlaydi;

2020 yil va keyingi yillarga moʻljallangan Investitsiya dasturini shakllantirishda Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining asoslangan hisob-kitoblari boʻyicha Filial talabalari va oʻqituvchilari yashashi uchun 400 oʻrinli turar joy qurilishi boʻyicha loyiha belgilangan tartibda kiritilishini nazarda tutadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga esa filialga ikkita avtotransport vositasi, shu jumladan bitta xizmat avtomobili va bitta avtobusni saqlashga limit ajratish hamda 2019 yilda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlari asosida Filialning bino va inshootlarini taʼmirlash-tiklash ishlarini amalga oshirish uchun kapital qoʻyilmalar limitining yetishmayotgan qismini ajratish vazifasi topshirildi.

Eslatib oʻtamiz, oʻtgan yilning oktyabr oyida Jismoniy tarbiya va sport vazirligi va Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universiteti oʻrtasida hamkorlik yoʻlga qoʻyilgandi. Oʻtgan davr mobaynida hamkorlik doirasida bir necha bor muzokara olib borildi va natijada Samarqand shahrida mazkur oliy oʻquv yurti filialini ochish boʻyicha kelishuvga erishildi.
 


Joriy yilning fevral oyida Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universiteti rektori Tamara Mixaylova boshchiligidagi delegatsiya Samarqandda boʻlib mavjud sharoitlar bilan tanishishgan edi.
 

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

Saytning oxirgi yangilanishi:
22.09.2019 | 14:36
Onlayn maslahatchi
Mening fikrim

Biz bilan bog'lanish

  • "Ishonch telefoni" raqami:
  • "Yagona telefon" raqami:
  • Ish kunlari (shanba va yakshanbadan tashqari) 9:00 dan 18:00 gacha (tushlik 13:00 dan 14:00 gacha)
  • "Ishonch telefoni" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • "Yagona telefon" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • Yuridik manzil: O‘zbekiston, Toshkent shahar, Abdulla Qodiriy 2-uy
  • E-mail: info@goskomsport.uz
  • Telefon:
  • Faks:
  • Mo'ljal: Oloy bozori
  • Transportlar:
    • Avtobuslar: 85,51
    • Marshrut taksilar: 17, 62, 95, 152, 153, 169