Yozgi biatlon boʻyicha mamlakat chempionlari aniqlandi

Oʻzbekiston Mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining Toshkent viloyati Chirchiq shahrida joylashgan Jaloliddin Manguberdi nomidagi oʻquv-mashgʻulotlar bazasida yozgi biatlon boʻyicha oʻsmirlar va yoshlar oʻrtasida mamlakat chempionati boʻlib oʻtdi.

Musobaqada yurtimizning turli hududlaridan 100 ga yaqin mahoratli sportchilar oʻz imkoniyatini sinovdan oʻtkazdi. Chempionatning dastlabki kunida biatlonchilar rollerda bahs olib bordi. Qizlar oʻrtasidagi bahslarda Toshkent viloyati vakili Inobat Tojiyeva eng yaxshi koʻrsatkich qayd etdi. Ikkita oʻq otish yoʻlagiga ega 6 km.lik poygada uning jamoadoshi Naima Bekmuratova 2-oʻrinni egalladi. Kuchli uchlikdan poytaxtlik Anastasiya Zolotarenko joy oldi.

Ushbu yoʻnalishda oʻgʻil bolalar oʻrtasida kechgan musobaqada Toshkent viloyati vakili Dilmurod Abdurahmonov gʻalaba qozondi. Surxondaryolik Vitaliy Slastyon 2-oʻrinni qoʻlga kiritgan boʻlsa, mezbon sportchi Beynbet Begasilov shohsupaning 3-pogʻonasini band etdi.

Musobaqa mamlakatimiz yoshlari orasida sportning texnik va amaliy turlaridan biri boʻlgan yozgi biatlonni yanada rivojlantirish, uni oʻgʻil-qizlar orasida ommalashtirish va iqtidorli sportchilarni aniqlab olish maqsadida uyushtirildi.

Yozgi biatlon boʻyicha Oʻzbekiston ochiq kubogining sprint va pasyut yoʻnalishlarida oʻtkazilgan bellashuvlarda gʻoliblik uchun kurash yanada murosasiz kechdi. Oʻgʻil bolalar oʻrtasida sprint musobaqasida fargʻonalik Muzaffar Mamasoliyev zafar quchdi. 4 kilometr masofa hamda ikkita oʻq otish yoʻlagidan iborat bahslarda 2-oʻrinni surxondaryolik Vitaliy Slastyon egalladi. Kuchli uchlikdan fargʻonalik Nurmuhammad Qosimov joy oldi.

Qizlar oʻrtasida samarqandlik Sevara Choriyeva birinchi boʻlib marraga yetib keldi. Uning jamoadoshi Madina Sagatova esa 2-oʻrinni egallagan boʻlsa, 3-oʻringa namanganlik Shohsanam Abdullayeva sazovor boʻldi.

Pasyut yoʻnalishidagi poygalarda fargʻonalik Muzaffar Mamasoliyev ikkinchi oltin medalini qoʻlga kiritdi. Uning jamoadoshi Fayzulla Urazxodjayev esa kumush medalga loyiq koʻrildi. Bronza medali mezbon sportchi Begzod Bekovga nasib etdi.

Qizlar oʻrtasida ushbu yoʻnalishda samarqandlik sportchilar Sevara Choriyeva hamda Madina Sagatova navbatdagi oltin va kumush medallarni oʻzlariniki qildi. Namanganlik Adolat Toʻrayeva bronza medali bilan taqdirlandi.

Musobaqaning soʻnggi kunida hakamlar individual poygalarda kuchlilarni saralab oldi. 7 kilometr masofada 4ta oʻq otish yoʻlagidan iborat bellashuvlarda 47 nafar sportchi startga chiqdi. Oʻsmirlar oʻrtasida oʻtkazilgan poygalarda mezbonlar vakili Dilmurod Abdurahmonovga teng keladigan sportchi boʻlmadi. Fargʻonalik Muzaffar Mamasoliyev ikkinchi natijani qayd etdi. Kuchlilar safidan surxondaryolik Vitaliy Slastyon ham joy oldi. Taʼkidlash kerak, mazkur sportchilar sprint va pasyut yoʻnalishlarida ham sovrinli oʻrinlarni band etgandi.

Umumjamoa hisobida Fargʻona viloyati jamoasi 1-oʻrinni egalladi. 

Namanganlik biatlonchilar 2-pogʻonadan joy olgan boʻlsa, Toshkent viloyati sportchilari kuchli uchlikka yakun yasab berishdi.

 

OʻzA

 

Saytning oxirgi yangilanishi:
17.01.2021 | 20:32
Onlayn maslahatchi
Давлат тили масаласи бўйича маслаҳатчига мурожаат

Biz bilan bog'lanish

  • "Ishonch telefoni" raqami:
  • "Yagona telefon" raqami:
  • Ish kunlari (shanba va yakshanbadan tashqari) 9:00 dan 18:00 gacha (tushlik 13:00 dan 14:00 gacha)
  • "Ishonch telefoni" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • "Yagona telefon" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • Yuridik manzil: O‘zbekiston, Toshkent shahar, Abdulla Qodiriy 2-uy
  • E-mail: info@goskomsport.uz
  • Telefon:
  • Faks:
  • Mo'ljal: Oloy bozori
  • Transportlar:
    • Avtobuslar: 85,51
    • Marshrut taksilar: 17, 62, 95, 152, 153, 169