Jismoniy tarbiya va sport universitetida Oʻzbek-Belarus hamda Oʻzbek-Rus qoʻshma fakultetlari tashkil etiladi


 


2018-yilning oktabr oyida poytaxtimizda Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev va Rossiyaning P.F.Lesgaft nomidagi jismoniy tarbiya, sport va salomatlik milliy davlat universiteti rektori Sergey Bakulev oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtgan edi. Unda tomonlar sport sohasi boʻyicha hamkorlikda mutaxassislar tayyorlash boʻyicha memorandum imzolagandi. Oʻtgan yilning dekabr oyida esa vazirning Belarus davlatiga qilgan ishchi tashrifi davomida ham sport sohasi boʻyicha hamkorlikda mutaxassislar tayyorlash boʻyicha kelishuvga erishilgan edi.

Oʻtgan davr mobaynida oʻzaro kelishuvlarda belgilangan vazifalar bir necha marotaba muhokama qilindi. Tomonlar malakali mutaxassislar tayyorlash boʻyicha oʻz takliflarini bildirishdi.

Yakunda mazkur yoʻnalishdagi ishlarni tartibga soladigan hujjat - Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti tarkibida Oʻzbek-Belarus hamda Oʻzbek-Rus qoʻshma fakultetlarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi tayyorlanib, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi.

Hujjat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Belarus Respublikasining Belarus davlat jismoniy tarbiya universiteti hamda Rossiya Federatsiyasining P.F.Lesgaft nomidagi Sankt-Peterburg milliy davlat jismoniy tarbiya, sport va salomatlik universitetining Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti tarkibida:

2019/2020-oʻquv yilidan boshlab Belarus davlat jismoniy tarbiya universiteti (Belarus Respublikasi) bilan hamkorligidagi qoʻshma jismoniy tarbiya, sport va turizm fakultetini;

2020/2021-oʻquv yilidan boshlab P.F.Lesgaft nomidagi Sankt-Peterburg milliy davlat jismoniy tarbiya, sport va salomatlik universiteti (Rossiya Federatsiyasi) bilan hamkorlikda qoʻshma jismoniy tarbiya, sport va salomatlik fakultetini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullanishi mumkin.

Quyidagilar qoʻshma fakultetlarning asosiy vazifalari etib belgilanadi:

jismoniy tarbiya, sport va turizmni rivojlantirish uchun turli darajadagi pedagogik kadrlar, trenerlar, hakamlar jismoniy tarbiya va sport boshqaruvi boʻyicha mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish;

jismoniy tarbiya, sport va turizm sohasida bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarini tashkil etish hamda taʼlim berish;

jismoniy tarbiya, sport va turizm sohasida ilmiy tadqiqotlar olib borish;

jismoniy tarbiya, sport va turizm sohasida bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarini tashkil etish hamda taʼlim berish;

yuqori malakali mutaxassislar hamda ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash tizimini ilm-fan va ishlab chiqarishning uzviyligi hamda uzluksizligi tamoyillari, shuningdek, jahon taʼlim va ilmiy hamjamiyatiga integratsiyalashish asosida rivojlantirish;

jismoniy tarbiya, sport va turizm sohalarida xorijiy mamlakatlarning yetakchi taʼlim muassasalari, ilmiy tadqiqot markazlari bilan uzoq muddatli aloqalarni oʻrnatish, rivojlantirish va mustahkamlash.

Belgilab qoʻyilishicha:

qoʻshma fakultetlar kadrlarga boʻlgan ehtiyojni inobatga olgan holda taʼlim yoʻnalishlari hamda mutaxassisliklari boʻyicha bakalavr va magistrlar, ilmiy-pedagogik tayyorlashni amalga oshiradigan, yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan universitet tarkibiy boʻlinmasi hisoblanadi;

qoʻshma fakultetlarda talabalarni oʻqitish toʻlov-kontrakt asosida rus tilida, kunduzgi taʼlim shaklida Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlimning davlat taʼlim standartlari talablari inobatga olingan holda tegishlicha Belarus davlat jismoniy tarbiya universiteti hamda P.F.Lesgaft nomidagi Sankt-Peterburg milliy davlat jismoniy tarbiya, sport va salomatlik universiteti bilan qoʻshma taʼlim dasturlari asosida amalga oshiriladi;

qoʻshma fakultetlarga abituriyentlarni talabalikka qabul qilish va qoʻshma fakultetlar bitiruvchilarining attestatsiyasi tegishlicha Belarus davlat jismoniy tarbiya universiteti hamda P.F.Lesgaft nomidagi Sankt-Peterburg milliy davlat jismoniy tarbiya, sport va salomatlik universitetida belgilangan tartib, talablar va muddatlarga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi;

qoʻshma fakultetlarda bakalavr taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklariga qabul kvotasi mavjud talab va ehtiyojdan kelib chiqib, universitet va tegishlicha Belarus davlat jismoniy tarbiya universiteti hamda P.F.Lesgaft nomidagi Sankt-Peterburg milliy davlat jismoniy tarbiya, sport va salomatlik universiteti tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan kelishgan holda belgilanadi;

qoʻshma fakultetlarda oʻqish uchun toʻlov-kontrakt mablagʻlari miqdori milliy valyutada tegishli bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarining bazaviy toʻlov-kontrakt summasidan kam boʻlmagan miqdorda universitet va tegishlicha Belarus davlat jismoniy tarbiya universiteti hamda P.F.Lesgaft nomidagi Sankt-Peterburg milliy davlat jismoniy tarbiya, sport va salomatlik universiteti tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan kelishgan holda belgilanadi; 

qoʻshma fakultetlarning bakalavr taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklariga har yili ajratiladigan qabul kvotasining 30 foizi miqdorida Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining tavsiyasiga koʻra qabul qilinadigan maqsadli qabul kvotalari ajratiladi hamda ularning taʼlim olishlari uchun mablagʻlar Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamgʻarmasining mablagʻlari hisobidan qoplanadi;

Qoʻshma fakultetlar mahalliy oʻqituvchilarini tegishlicha Belarus davlat jismoniy tarbiya universiteti hamda P.F.Lesgaft nomidagi Sankt-Peterburg milliy davlat jismoniy tarbiya, sport va salomatlik universitetiga malaka oshirish, qayta tayyorlash va stajirovkaga yuborish xarajatlarini moliyalashtirish Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshirilishi mumkin;

qoʻshma fakultetlarda taʼlim oluvchi talabalar oʻquv jarayonida Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi va Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi tasarrufidagi sport inshootlari va bazalari hamda laboratoriyalaridan bepul foydalanadi;

qoʻshma fakultetlar bitiruvchilariga Oʻzbekiston Respublikasi hamda tegishlicha Belarus Respublikasida yoki Rossiya Federatsiyasi oliy taʼlim toʻgʻrisidagi hujjat sifatida eʼtirof etiladigan, oʻzaro kelishuv asosida ikki tomonlama tan olinadigan universitet va tegishlicha Belarus davlat jismoniy tarbiya universiteti hamda P.F.Lesgaft nomidagi Sankt-Peterburg milliy davlat jismoniy tarbiya, sport va salomatlik universiteti diplomlari beriladi;

qoʻshma fakultetlar faoliyatini moliyalashtirish universitetga talabalarni toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar, Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamgʻarmasi, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari, tegishli shartnomalar asosida manfaatdor tashkilotlar tomonidan taqdim etiladigan grantlar, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

 

Saytning oxirgi yangilanishi:
20.07.2019 | 18:54
Onlayn maslahatchi
Mening fikrim

Biz bilan bog'lanish

  • "Ishonch telefoni" raqami:
  • "Yagona telefon" raqami:
  • Ish kunlari (shanba va yakshanbadan tashqari) 9:00 dan 18:00 gacha (tushlik 13:00 dan 14:00 gacha)
  • "Ishonch telefoni" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • "Yagona telefon" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • Yuridik manzil: O‘zbekiston, Toshkent shahar, Abdulla Qodiriy 2-uy
  • E-mail: info@goskomsport.uz
  • Telefon:
  • Faks:
  • Mo'ljal: Oloy bozori
  • Transportlar:
    • Avtobuslar: 85,51
    • Marshrut taksilar: 17, 62, 95, 152, 153, 169