Respublikamizning 10 ta hududida bolalar-oʻsmirlar ot sporti maktablari tashkil etiladi

2019-yil 18-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti “Oʻzbekiston Respublikasida yilqichilik va ot sportini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorni imzoladi.

 

Mazkur qarorga muvofiq, 2019-2020 yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo, Toshkent, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahrida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida bolalar-oʻsmirlar ot sporti maktablari bosqichma-bosqich tashkil etiladi.

 

Oʻzbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi qoshida yuridik shaxs maqomiga ega Qorabayir zotli otlarni yetishtirish va koʻpaytirish boʻyicha innovatsion seleksiya-genetika markazi tashkil etiladi.

 

Qarorga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo, Toshkent, Xorazm viloyatlari, Toshkent shahri hokimliklari va Federatsiya birgalikda:

 

ikki hafta muddatda aniq yer uchastkalari va boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektlari hududida bolalar-oʻsmirlar ot sporti maktablarini tashkil etish, shuningdek, tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirish maqsadida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida bolalar-oʻsmirlar ot sporti maktablarini tashkil etish istagini bildirgan tadbirkorlik subyektlari roʻyxatini shakllantirishi;

 

bir oy muddatda davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida bolalar-oʻsmirlar ot sporti maktablarini tashkil etish istagini bildirgan salohiyatli tadbirkorlik subyektlari, shu jumladan, xorijiy investorlarni aniqlashi;

 

uch oy muddatda eng yaxshi takliflarni tanlab olish asosida yer uchastkalari va boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektlarini tashabbuskorlarga tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirish uchun, shu jumladan, ularning bir qismida yoki alohida ajratilgan hududda bolalar-oʻsmirlar ot sporti maktablarini tashkil etish boʻyicha ijtimoiy majburiyatlarni belgilagan holda taqdim etilishini taʼminlashi lozim.

 

Belgilab qoʻyilsinki:

 

bolalar-oʻsmirlar ot sporti maktablari birinchi navbatda ippodromlar hududida tashkil etiladi;

 

bolalar-oʻsmirlar ot sporti maktablarining qurilishi Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan kelishilgan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi;

 

bolalar-oʻsmirlar ot sporti maktablarining moddiy-texnik bazasini dastlabki mustahkamlash, jumladan, texnika, anjomlar va boshqa zarur vositalar bilan taʼminlash tashabbuskorlar tomonidan amalga oshiriladi;

 

sport otlarini sotib olish boʻyicha xarajatlar, shuningdek, bolalar-oʻsmirlar ot sporti maktablarining moddiy-texnik bazasini keyinchalik mustahkamlash boʻyicha chora-tadbirlar oʻrnatilgan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanadi;

 

mazkur qarorga muvofiq tashkil etilgan bolalar-oʻsmirlar ot sporti maktablari Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi balansiga oʻtkaziladi;

 

bolalar-oʻsmirlar ot sporti maktablari joriy faoliyatini tashkil etish (ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, kommunal xizmatlar, sport otlariga ozuqa va dori-darmonlar sotib olish hamda boshqa) xarajatlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;

 

bolalar-oʻsmirlar ot sporti maktablari va sport yakka kurashlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar sport maktablarining ot sporti boʻlinmalari faoliyatini tashkiliy-metodik taʼminlash Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan Federatsiya bilan birgalikda amalga oshiriladi.

 

Shuningdek, qarorga asosan 2019-yilda ot sporti boʻyicha hududlar va respublika birinchiligi musobaqalari oʻtkaziladi hamda keyinchalik mazkur sport turi boʻyicha xalqaro turnirlarda ishtirok etish rejasi ishlab chiqilib, hukumat kiritiladi.

 

Bolalar-oʻsmirlar ot sporti maktablari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga pullik xizmat koʻrsatish tartibi ishlab chiqiladi.

Saytning oxirgi yangilanishi:
09.08.2020 | 12:12
Onlayn maslahatchi
Mening fikrim

Biz bilan bog'lanish

  • "Ishonch telefoni" raqami:
  • "Yagona telefon" raqami:
  • Ish kunlari (shanba va yakshanbadan tashqari) 9:00 dan 18:00 gacha (tushlik 13:00 dan 14:00 gacha)
  • "Ishonch telefoni" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • "Yagona telefon" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • Yuridik manzil: O‘zbekiston, Toshkent shahar, Abdulla Qodiriy 2-uy
  • E-mail: info@goskomsport.uz
  • Telefon:
  • Faks:
  • Mo'ljal: Oloy bozori
  • Transportlar:
    • Avtobuslar: 85,51
    • Marshrut taksilar: 17, 62, 95, 152, 153, 169