Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universitetining Samarqand filiali qaysi yoʻnalishlar boʻyicha oʻqishga qabul qilishi maʼlum boʻldi

Oʻtgan yilning oktyabr oyida Jismoniy tarbiya va sport vazirligi va Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universiteti oʻrtasida hamkorlik yoʻlga qoʻyilgandi. Oʻtgan davr mobaynida hamkorlik doirasida bir necha bor muzokara olib borildi va natijada Samarqand shahrida mazkur oliy oʻquv yurti filialini ochish boʻyicha kelishuvga erishilib, bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasi tayyorlandi.

Shu kunlarda Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universiteti rektori Tamara Mixaylova boshchiligidagi delegatsiya Samarqandda boʻlib turibdi.

 

Xorijlik mehmonlar tashrif davomida filial uchun ajratilgan binoni, talabalar foydalanadigan sport inshootlarini koʻzdan kechirishdi. Shuningdek, yaqindagina kapital taʼmirdan chiqarilgan Samarqand ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internati yangi maneji ochilish marosimida ham ishtirok etishdi.

Mazkur inshootni kapital taʼmirlash uchun 9,7 mlrd soʻm mablagʻ sarflandi.

Majmua Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamgʻarmasi tomonidan 32 turdagi jami 250 mln soʻmlik yangi sport inventarlari bilan taʼminlandi.

Tadbirda jismoniy tarbiya va sport sohasi uchun mutaxassislar tayyorlash jarayonida zamonaviy sport inshootlari muhim ahamiyat kasb etishi eʼtirof etildi. Shu maʼnoda mazkur inshoot xorijiy universitet filiali uchun ham amaliyot bazasi boʻlib xizmat qilishi ayni muddao ekanligi ham alohida taʼkidlandi.

Yangi tashkil etilayotgan filial haqida universitet rektori Tamara Mixaylova shunday dedi: “Samarqand filiali universitetimizning xorijda tashkil etilgan ilk filialidir. Mazkur oliy taʼlim muassasasi samarali faoliyat yuritishini taʼminlash uchun biz Oʻzbekistonga malakali mutaxassislarni jalb etamiz. Shuningdek, talabalarimiz Rossiyada joylashgan sport bazalarimizda amaliyot oʻtashadi.”

Shu oʻrinda taʼkidlash joiz, mazkur taʼlim maskanida nafaqat Oʻzbekiston, balki Markaziy Osiyo davlatlari yoshlari taʼlim olishi uchun ham imkoniyat yaratish, qolaversa, yildan-yilga mavjud yoʻnalishlarni kengaytirib borish rejalashtirilgan.

Filialga 2019/2020-oʻquv yilidayoq voleybol, basketbol, gandbol, futbol, yengil atletika, badiiy gimnastika, tennis, suzish, baydarka va kanoeda eshkak eshish sport turlari boʻyicha 150 nafardan ortiq ilk talabalar kunduzgi taʼlim shakliga qabul qilinadi. Oʻqish Rossiya Federatsiyasining amaldagi oʻquv rejalari va dasturlari asosida olib boriladi. Bitiruvchilarga beriladigan Rossiya namunasidagi diplom Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasida oliy taʼlim hujjati sifatida tan olinadi.

Tashrif davomida rossiyalik mehmonga Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev va Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov hamrohlik qilishdi.

Maʼlumot uchun, Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universitetining talabalari va bitiruvchilari orasida 172 nafar Olimpiada gʻolibi, Yevropa va jahon chempioni bor.

 

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Matbuot xizmati

Saytning oxirgi yangilanishi:
21.10.2019 | 13:38
Onlayn maslahatchi
Mening fikrim

Biz bilan bog'lanish

  • "Ishonch telefoni" raqami:
  • "Yagona telefon" raqami:
  • Ish kunlari (shanba va yakshanbadan tashqari) 9:00 dan 18:00 gacha (tushlik 13:00 dan 14:00 gacha)
  • "Ishonch telefoni" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • "Yagona telefon" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • Yuridik manzil: O‘zbekiston, Toshkent shahar, Abdulla Qodiriy 2-uy
  • E-mail: info@goskomsport.uz
  • Telefon:
  • Faks:
  • Mo'ljal: Oloy bozori
  • Transportlar:
    • Avtobuslar: 85,51
    • Marshrut taksilar: 17, 62, 95, 152, 153, 169