Yangi yilingiz bilan aziz va qadrli yurtdoshlar!

Mana 2018-yil ham oʻz yakuniga yetib bormoqda. Oʻtib borayotgan yil mamlakatimiz hayotida barcha jabhalar qatori, sport sohasida ham sermahsul va yangiliklarga boy hamda tarixiy yil boʻldi desak mubolagʻa boʻlmaydi. Xususan, joriy yilning mart oyida Jismoniy tarbiya va sport vazirligining tashkil etilganligi ham Prezidentimiz tomonidan ushbu sohaga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlik va eʼtiborning yorqin namunasidir.

Buning natijasida respublikamizning har bir hududida, tuman va shaharlarida vazirlikning hududiy boʻlinmalari faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

2018-yil mobaynida Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan respublikamizning turli hududlarida 38 ta sport inshootlari qurib foydalanishga topshirildi, mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalardan 87 turdagi sport jihozlari va inventarlari xarid qilinib, joylarga yetkazib berildi.

Shuningdek, joriy yil sportchilarimiz uchun ham sermahsul va omadli boʻldi. Xususan 205 ta nufuzli xalqaro musobaqalarda (jahon, Osiyo chempionatlari, kuboklari, xalqaro turnirlar) 1804 nafar sportchilarimizning ishtiroki taʼminlandi. Ular tomondan 520 ta oltin, 544 ta kumush va 588 ta bronza jami 1652 ta medallar qoʻlga kiritildi.

Xususan, oʻzbekistonlik sportchilar Indoneziyada boʻlib oʻtgan XVIII yozgi Osiyo oʻyinlarida 70 ta medalni qoʻlga kiritib, umumjamoa hisobida 5-oʻrinni, III Paraosiyo oʻyinlarida 77 ta medalga egalik qilib, 6-oʻrinni hamda Argentinada oʻtkazilgan III oʻsmirlar Olimpiya oʻyinlarida 16 ta medal bilan 13-oʻrinni egalladi.

Yangi 2019-yilda sportchilarimizning 2 ta kompleks musobaqalarda, 128 ta jahon chempionatlarida, 96 ta Osiyo chempionatlarida va 700 dan ortiq xalqaro musobaqalarda ishtirokini taʼminlash rejalashtirilmoqda.

Barchamiz uchun quvonarli jihati shundaki, kelgusi 2019-yilda mamlakatimiz 34 ta nufuzli xalqaro musobaqalarga mezbonlik qilishi rejalashtirilgan.

Jumladan:

Tennis boʻyicha “Devis Kubogi” jahon chempionati saralash bosqichi (fevral);

Badiiy gimnastika boʻyicha jahon kubogi bosqichi (mart-avgust);

Velosiped sporti (velo shosse yoʻnalishi) boʻyicha Osiyo chempionati (aprel);

Dzyudo boʻyicha oʻsmirlar va yoshlar oʻrtasida Osiyo kubogi (aprel);

Kurash boʻyicha yoshlar oʻrtasida jahon chempionati (aprel);

Taekvon-do VTF boʻyicha oʻsmirlar oʻrtasida jahon chempionati (may-avgust);

Karate WKF boʻyicha Osiyo chempionati (iyul);

Uloq koʻpkari boʻyicha jahon chempionati (avgust-sentyabr);

Baydarka va kanoeda eshkak eshish boʻyicha Osiyo kubogi (sentyabr-oktyabr);

Ot sporti boʻyicha jahon kubogi (sentyabr-oktyabr);

Qilichbozlik boʻyicha jahon kubogi bosqichi (oktyabr);

Sambo boʻyicha yoshlar va oʻsmirlar oʻrtasida Jahon chempionati (oktyabr) va boshqa shu kabi nufuzli xalqaro musobaqalar yurtimizda oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev oʻz Murojaatnomasida jamiyatda sogʻlom turmush tarzi va sportni yanada ommalashtirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratib, oldimizda turgan ustuvor vazifalarni belgilab berdilar.

Yangi yilda ham vazirlik aholi oʻrtasida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, eng chekka hududlarda ham sport bilan shugʻullanish uchun munosib shart-sharoitlar yaratish hamda yosh isteʼdodlarni qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishidagi ishlarni yanada kuchaytirishni rejalashtirgan.

Aziz va qadrli vatandoshlar !

Yangi yilda barchamiz Yaratganimizdan ezgu orzu-maqsadlarimizning roʻyobga chiqishini, xonadonlarimizning qut-barakasi, fayzini berishini chin qalbimizdan soʻraymiz.

Kirib kelayotgan yangi yilimiz yurtimizga, barcha-barcha oilalarga baxtu saodat va omad keltirsin!

Har birimizning pok niyat va tilaklarimiz ijobat boʻlsin!

Vatanimiz tinch, xalqimiz omon, osmonimiz musaffo boʻlsin!

Yangi yil barchamizga muborak boʻlsin!

Jismoniy tarbiya va sport vaziri
Dilmurod Nabiyev

 

Saytning oxirgi yangilanishi:
23.10.2019 | 16:23
Onlayn maslahatchi
Mening fikrim

Biz bilan bog'lanish

  • "Ishonch telefoni" raqami:
  • "Yagona telefon" raqami:
  • Ish kunlari (shanba va yakshanbadan tashqari) 9:00 dan 18:00 gacha (tushlik 13:00 dan 14:00 gacha)
  • "Ishonch telefoni" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • "Yagona telefon" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • Yuridik manzil: O‘zbekiston, Toshkent shahar, Abdulla Qodiriy 2-uy
  • E-mail: info@goskomsport.uz
  • Telefon:
  • Faks:
  • Mo'ljal: Oloy bozori
  • Transportlar:
    • Avtobuslar: 85,51
    • Marshrut taksilar: 17, 62, 95, 152, 153, 169